Oʻzbekistonlik oʻquvchilarning Xalqaro biologiya olimpiadasidagi natijalari bekor qilindi
7-14 iyul kunlari Ostona shahrida boʻlib oʻtgan olimpiadada oʻzbekistonlik pedagog oʻquvchisiga yordam berishga harakat qilgan. Natijada tashkiliy qoʻmita oʻzbekistonlik oʻquvchilarning natijalarini inobatga olmaslik boʻyicha qaror qabul qilgan.

Joriy yilning 7-14 iyul kunlari Qozogʻistonning Ostona shahrida Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad – IBO) boʻlib oʻtdi. Mazkur olimpiadada Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida 4 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Olimpiadada, shuningdek, oʻquvchilar bilan birga 3 nafar jamoa rahbari va oʻz hisobidan 2 nafar kuzatuvchi-oʻqituvchi qatnashdi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaning xabar berishicha, Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey pedagogi tomonidan oʻquvchisiga yordam berishga harakat qilingan. Mazkur holat boʻyicha tashkiliy qoʻmita tomonidan oʻquvchilarning natijalarini inobatga olmaslik qarori qabul qilindi.
Qoʻshimcha qilinishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻzbekistonlik oʻquvchilarning nufuzli xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini taʼminlash maqsadida tegishli ishlar olib borilmoqda.
Xalqaro biologiya olimpiadasida oʻzbekistonlik oʻquvchilarning natijasi bekor qilinishi birinchi marta emas. Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan 2010 yil Janubiy Koreyada oʻtkazilgan Xalqaro biologiya olimpiadasida ham xuddi shunday holat kuzatilib, oʻshanda ham oʻquvchilarning natijalari bekor qilib yuborilgandi.

Bundan tashqari, IBO saytidagi maʼlumotlarga koʻra, bu holatlardan soʻng Oʻzbekistonning Xalqaro biologiya olimpiadasidagi ishtiroki xavf ostida qolayotgan boʻlishi mumkin. Sababi Oʻzbekiston IBO’ga aʼzo mamlakatlar roʻyxatida chiqmayapti.

Maʼlumot uchun, Prezident qaroriga koʻra, xalqaro olimpiadalar gʻoliblari va ularning oʻqituvchilari bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishi belgilangan:
1-oʻrin (oltin medal) uchun — 500 (hozirda – 170 mln soʻm), oʻqituvchisiga — 450 baravari (hozirda – 153 mln soʻm;
2-oʻrin (kumush medal) uchun — 300 (hozirda – 102 mln soʻm), oʻqituvchisiga — 250 baravari (hozirda – 85 mln soʻm);
3-oʻrin (bronza medal) uchun — 200 (hozirda – 68 mln soʻm), oʻqituvchisiga — 150 baravari (hozirda – 51 mln soʻm);
Shuningdek, Xalqaro olimpiadalar gʻoliblari va ularning ustozlarini qoʻllab-quvvatlash uchun bir qancha imkoniyatlar hamda imtiyozlar joriy qilingan.




