Oʻzbekistonda nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar roʻyxati kengaytiriladi
18 yoshga toʻlmagan yigit-qizlarni unashtirish marosimlarini oʻtkazish taqiqlanadi.

Oila va xotin-qizlar sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi eʼlon qilindi.
Oila kodeksining nikoh yoshi toʻgʻrisidagi 15-moddasi quyidagi qoidalar bilan oʻzgartirilmoqda va toʻldirilmoqda:
-nikohga kiruvchilar arizasiga koʻra homiladorlik, bola tugʻilishi, voyaga yetmagan shaxsning toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinganda (emansipatsiya) nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
-18 yoshga toʻlmagan yigit va qizlarni unashtirish marosimlarini oʻtkazish taqiqlanadi.
Yon shajara boʻyicha yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikoh tuzishni taqiqlash maqsadida Oila kodeksining 16-moddasi quyidagi qoidalar bilan toʻldirilmoqda: ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi darajadagi qarindosh shaxslar oʻrtasida.
Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi 17-modda quyidagi qoidalar bilan toʻldirilmoqda: tibbiy koʻrikdan oʻtish tartibini buzgan shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 47/3-moddasiga nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarida belgilangan jarima miqdorini koʻtarish taklif etilmoqda.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish – bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish – bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Qonunda oʻrnatilgan nikoh tuzish va rasmiylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan tartib va shartlarni buzish – bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.