platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston prezidentlari Xivaga bordilar

Ikki davlat rahbarlari Ichan qalʼa majmuasi va Nurillaboy saroy majmuasiga tashrif buyurdi. 

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston prezidentlari Xivaga bordilar

Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov ikki mamlakat birinchi xonimlari bilan birgalikda Xiva shahridagi Ichan qalʼa majmuasi va Nurillaboy saroy majmuasiga tashrif buyurdi.

Xiva shahri 1990 yilda YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, 1997 yilda uning 2500 yilligi nishonlangan. Shahar 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, 2024 yilda esa Islom dunyosining turizm poytaxti boʻldi.

“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahar hisoblanadi. Bu yerda 120 dan ortiq meʼmoriy obidalar joylashgan.

Oliy martabali mehmonlar tanishuvni "Ota darvoza"dan boshlab, noyob "Koʻhna ark" majmuasi, Shergʻozixon madrasasi, Juma masjidi, "Toshhovli" majmuasi va boshqa obidalar bilan tanishdi.

Mehmonlar sharafiga oʻzbek xalq qoʻshiqlari yangrab, teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.

Shundan soʻng Nurillaboy saroyiga tashrif buyurildi.

Saroy-bogʻ majmuasi XX asr boshlarida bunyod etilgan. Majmua madrasa, 100 dan ortiq xonalar, galereyalardan iborat. Saroy xonalarini bezashda xivalik mohir ustalar bilan birga chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etganlar, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar.

Xiva tarixi va uning fan rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va sanʼati haqidagi hikoyalar qirgʻizistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid