Murojaatlar bilan yomon ishlaydigan hokimliklar aniqlandi
Ularning orasida Qashqadaryo va Andijon viloyatlari "peshqadamlik" qilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlari oʻtkazib, barcha tuman va shahar hokimliklaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) faoliyatini oʻrgandi.
Natijada, quyidagi 70 ta tuman va shahar hokimliklarida qayta aloqa tizimi samarasiz tashkil etilgani, xususan, qoʻngʻiroqlar javobsiz qoldirilgani aniqlandi:
1. Qashqadaryo viloyati – 11 ta tuman va shahar;
2. Andijon viloyati – 10 ta;
3. Toshkent viloyati – 8 ta;
4. Fargʻona viloyati – 7 ta;
5. Xorazm viloyati – 7 ta;
6. Namangan viloyati – 6 ta;
7. Samarqand viloyati – 4 ta;
8. Surxondaryo viloyati – 4 ta;
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 4 ta;
10. Toshkent shahri – 3 ta;
11. Buxoro viloyati – 2 ta;
12. Sirdaryo viloyati – 2 ta;
13. Jizzax viloyati – 1 ta;
14. Navoiy viloyati – 1 ta.
Bundan tashqari, oʻrganishlar davomida 9 ta tuman va shahar hokimliklari (Asaka, Xiva, Oʻrta Chirchiq, Hovos, Uzun, Sariosiyo tumanlari va Buxoro, Navoiy, Bekobod shaharlari hokimliklari) rasmiy veb-saytlarida ularga tegishli boʻlgan ishonch telefonlari eʼlon qilinmagani aniqlandi.
Qorovulbozor, Romitan, Shofirkon, Vobkent tumanlari va Buxoro shahar hokimliklarining rasmiy veb-sayti ishchi holatda emasligi maʼlum boʻldi.
Forish, Tomdi, Parkent, Soʻx, Qoraoʻzak, Xoʻjayli tumanlari va Guliston, Chirchiq shaharlari hokimliklarining telefon raqamlariga qoʻngʻiroq qilinganda, masʼul xodimlar tomonidan ogʻzaki murojaat qoldirish imkoniyati mavjud emasligi maʼlum qilingan.
Yuqoridagilarga koʻra, yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ushbu holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini koʻrish boʻyicha taqdimnomalar kiritildi.