Millionlar qalbidan joy olgan serial yana efirda

Mazkur serialda oʻzbek aktyorlarining rollarini ham alohida eʼtirof etish kerak.

Madaniyat
19-iyul, 13:36
Millionlar qalbidan joy olgan serial yana efirda

Koʻp sonli muxlislar talab va istaklariga binoan tarixiy voqealar asos qilib olingan "Hukmdor Usmon" turk serialining 5-mavsumi 15 iyuldan soat 23:00 da “Mening yurtim” telekanalida takroran namoyish etila boshlandi.

Toʻrtinchi mavsumda nima boʻlgandi?

Ulugʻ Usmon bey Nikola ustidan gʻalaba qozondi, ammo uning gʻanimlar bilan urushi hamon davom etmoqda. Kayi urugʻi qudratli va kuchli boʻlgan sari Ertugʻrulning oʻgʻliga oʻlim tilayotgan dushmanlar soni ham ortib boradi. Bala va Malxun endi nafaqat buyuk hukmdorning zavjalari, balki chin dugonalar hamdir. Ularning oʻgʻillari sodiq va jasur alplar boʻlib voyaga yetmoqda. Balaning xastaligi ovulda jiddiy xavotirni yuzaga keltiradi. Usmon bey va Malxun ham bundan qattiq iztirobda qoladi. Usmon bey hali koʻplab gʻalabalarga erishishi kerak, shunda uning farzandlari va nabiralari dushmanlaridan qoʻrqmasdan yashay olishadi. Ammo bu qiyinchiliklar orasida uni avvallari hech kimning xayoliga ham kelmagan katta xursandchilik ham kutayotgan boʻladi.

Beshinchi mavsumda nima boʻladi?

Usmon bey zurriyodlari kundan kunga ulgʻaymoqda. Olovuddin va Oʻrxan oʻz otalari bilan faxrlanishadi va unga har tomonlama oʻxshashga harakat qilishadi. Yosh vorislar ertami-kechmi ulardan biri buyuk Usmon Gʻoziyning ishini davom ettirishi kerakligini tushunishadi. Kayi urugʻi hukmdori gʻalaba yaqin ekanligiga va barcha dushmanlar deyarli magʻlub boʻlganiga ishonadi. Ammo taqdir yana bir bor uni sinovdan oʻtkazadi, u bilan toʻqnash kelganida buyuk Ertugʻrul vorisi vaziyat ustidan nazoratni qoʻldan boy bera boshlaydi. Faqat zavjalari, farzandlari va sodiq alplarining qoʻllab-quvvatlashi unga yangi muammoni yengib oʻtishga koʻmaklashishi mumkin.

Serial haqida eʼtiborga molik faktlar

Serialning beshinchi mavsumi oxirgi mavsum boʻlishi kerak edi. Kartina prodyuseri Mexmet Boʻzdagʻ yangi loyiha — “Sulton Oʻrxan”ga tayyorgarlik koʻrayotganini, bu loyiha tomoshabinlarga Ertugʻrulning katta nabirasi hukmdorligi tarixi haqida hikoya qilishini maʼlum qildi. Ammo keyinroq maʼlum boʻldiki, serial oltinchi mavsumga uzaytirilgan.

Toʻrtinchi mavsumning soʻnggi qismlari namoyishi paytida ijtimoiy tarmoqlarda Usmon beyning zavjalaridan biri halok boʻlishi va bosh rollardagi aktrisalardan biri loyihadan ketishi haqida maʼlumot paydo boʻldi. Keyinroq Chagʻri Yildiz Atiksoy (Malxun Xotun) beshinchi mavsumda qatnashmasligi ayon boʻldi. Ammo suratga olish ishlari boshlanishidan ikki hafta oldin Mexmet Boʻzdagʻ aktrisani qaytarishganini maʼlum qildi. Serial aktyorlari tarkibini Seda Yildiz va Ruzgar Aksoy tark etdi. Tomoshabinlarga ular shayx Edebali va Turgut Alp obrazini jonlantirgani bilan yodda qoladi.

Shuningdek, loyiha yulduzlari Aygul (personaj uchinchi mavsumda oʻldirilgan) va Jerkutay rollarini oʻynagan Buse Arslan va Chagʻri Shensoy haqiqiy hayotda turmush qurishga qaror qilishgani maʼlum boʻldi. 2023 yil may oyining boshida ularning unashtiruv marosimi boʻlib oʻtdi. Serialning beshinchi mavsumida aktyorlar tarkibiga Emre Bey (Oʻrxan), Oʻmer Faruk Aran (Olovuddin), Yulduz Rajabova (Elchim Xotun), Leya Kirsan (Fotima), Ejem Sena Bayir (Xolafira), Belgin Shimshek (Goʻnja Xotun), Yusuf Goʻktay Atalay (Yunus Emro), Emre Dinler (Mexmet) va boshqalar ham qoʻshilgan.

Dunyoning 120 ga yaqin davlatida, jumladan, usmoniy turklarning ota yurti boʻlmish yurtimizda ham teletomoshabinlar tomonidan sevib tomosha qilinayotgan mazkur serial allaqachon xalqaro miqyosga koʻtarilib, unga turli-tuman mamlakatlardan taniqli va mohir aktyor va aktrisalar rol oʻynash uchun taklif etilmoqda. Xususan, oʻzbekistonlik bir qator aktyorlar ham ushbu serialda turli rollarni mohirona ijro etib tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlishdi.  Jumladan, Maʼruf Otajonov Geyxatu obrazini, Akbarxoʻja Rasulov Noʻyon Subutoy obrazini, Javohir Zokirov amir Goʻrkluxan obrazini jonlantirgan boʻlsa, yangi mavsumda taniqli aktrisamiz Yulduz Rajabova Elchim Xotun rolini ijro etib kelmoqda.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+