Jizzaxdagi olis hududning 40 yillik suv muammosi hal etildi
Mirzachoʻl tumanining “Yangidala, “Doʻstlik” va “Oʻzbekiston” maxallalaridagi jami 390 dan ortiq xonadon uchun oqar suv taʼminlab berildi.

Jizzax viloyatining eng olis hududlaridan hisoblangan Mirzachoʻl tumanining “Yangidala” mahallasida 40 yildan buyon oqar suv taʼminoti boʻlmagan.
390 ta xonadonda yashaydigan 450 ga yaqin oila hovlilarida bir- ikkida suvsizlikka chidamli daraxt yoki butani aytmaganda, ekin ekilmagan, daromad olinmagan. Lekin odamlarning kuchi, imkoni yetmaganidan uzoq yillar davomida vaziyatga koʻnikib yashayvergan.
Prezident topshirigʻiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi joriy yilning mart-aprel oylarida mazkur hududda “xonadonbay” asosida vaziyatni atroflicha oʻrgangan edi.
Ushbu xalqchil tizim “Yangidala” MFY va unga yondosh aholi punktlarida aholi daromadlarini oshirish uchun iqtisodiy jihatdan foydali imkoniyatlarni, hududdagi irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarining joylashuvi, oqar suv olib kelishning optimal yoʻllarini batafsil muhokama qilgach, muammoni hal etish uchun homiylik mablagʻlari yoʻnaltirgan holda masalaga ijobiy yechim topdi.

Prezident Xalq qabulxonasi boshchilik qilgan Ishchi guruh vaziyatni oʻrganib, “Yangidala”, “Doʻstlik” va “Oʻzbekiston” mahallalarida aholi tomorqasi uchun suv taʼminoti mavjud boʻlmagan koʻchalarda oqar suv taʼminotini tiklash boʻyicha manzilli ishlarni amalga oshirdi.
Xususan, PR-8 kanali sathidan 70 sm chuqurlikda 140 mm diametrdagi tarmoq chiqarildi va 15 kVli suv nasosi oʻrnatildi. Olinadigan suv qariyb 1 kilometr masofaga quvurda tortib kelindi. Buning uchun yangi elektr energiya tarmogʻi tortilib, 40 kV transformator ham oʻrnatildi.
Natijada, Mirzachoʻl tumanining “Yangidala, “Doʻstlik” va “Oʻzbekiston” maxallalaridagi jami 390 dan ortiq xonadon ahliga tomorqasi uchun oqar suv taʼminlab berildi.
Endilikda mahalla xonadonlariga ham xalqimizga xos bunyodkorlik qadriyati kirib keladi, tomorqa yashnaydi, meva-savzavot unadi. Eng muhimi, xalqning roziligiga erishildi, odamlarning yuzida, soʻzida bugungi hayotidan rozilik hissi mustahkamlanadi.
Iqtisodiy drayveri qishloq xoʻjaligi boʻlgan Arnasoy tumanida aholining katta qismi ayni shu yoʻnalishda band boʻlgani uchun yashash tarzi, ayniqsa, oila daromadi, turmush sharoiti tomorqaga bogʻliq. Lekin tomorqa ekinlari uchun ayni hosilga hosil qoʻshilar mahalida suv tanqisligi hamma harakatni zoye qilishi necha yillik muammo edi.
Turgan gapki, aholi murojaatlariga quloq tutadigan mazkur xalqchil tuzilma masʼullari muammoni yechish ustida amaliy ish boshladi.
Tomorqasida suv muammosi mavjud 518 ta xonadonning manzilli roʻyxati shakllantirilib, har bir xonadonda kichik artezian quduq qazish, ichimlik suvi sifatida foydalanib boʻlmasa ham, mineral oʻgʻit bilan aralashtirilib, ekinga berilsa, foydali boʻladigan suv chiqarib, tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻyish ishlari boshlandi. Eng muhimi, barcha xarajatlari oʻrta hisobda 1 million 800 mingga baholangan artezian qudugʻi uchun ehtiyojmand oilalarga Prezident Xalq Qabulxonasi tomonidan xarajatlar toʻlab berildi.
Bundan tashqari, Respublika ishchi guruhi oʻrganishlari natijasida Sayxunobod, Uychi, Zarbdor tajribasi asosida oilalarda issiqxona, parranda va chorvachilik yoʻnalishlarini ishga tushirish borasida jami 1150 ta xonadon doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi uchun 3,2 milliard soʻm talabi aniqlandi.

Ushbu masala yechimi borasida Prezidenti Xalq qabulxonasining “Murojaatdan - daromadga” loyihasi doirasida tijorat “Mikrokreditbank”, “Agrobank” va “Xalk bank”larini jalb etilishini taʼminladi. Hokim yordamchilari tavsiyasi bilan tumandagi kam daromadli 91 ta oilaga“mahalla - biznes” mikroqarzi orqali 419 mln.soʻm imtiyozli kredit paketi taqdim etildi, 620 bosh tovuq, 99 bosh qoʻy yetkazib berilib, ularga 7 ta lider tadbirkor biriktirildi. Ushbu xonadonlarning har birida issikxona qurilib, ekinlar uchun artezian quduq kazib berildi. Natijada moliyaviy holati past, kam taʼminlangan xonadonlarning qoʻshimcha daromad topishiga zamin yaratildi.
Birgina “Yangiboʻston” mahallasidagi 20 ta xonadonga, ikki qavatli uylarning orasida joylashgan 20 sotixli issiqxonalarga ham artezian quduqlari orqali suv chiqarilib, tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyildi.