platina.uz
Jamiyat

“Biznesni rivojlantirish banki”ning 7,8 mlrd. soʻmlik savdosida qonunchilik talablari buzilgan deb topildi

Raqobat qoʻmitasi olti oylik tender savdolarini tahlil qilgan. 

“Biznesni rivojlantirish banki”ning 7,8 mlrd. soʻmlik savdosida qonunchilik talablari buzilgan deb topildi

“Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 2024 yil 7 fevralda boshlangʻich qiymati 7 mlrd 800 mln soʻmlik axborotlashtirish qurilmalarini yetkazib berish boʻyicha tanlov savdosida qonun buzilgan deb topildi.

Raqobat qoʻmitasi 2024 yilning yanvar-iyun oylari davomida davlat buyurtmachilari tomonidan tovar, ish, xizmat va qurilish sohalarida oʻtkazilgan boshlangʻich qiymati 6,065 trln soʻmlik boʻlgan 9 322 ta tanlov (tender) savdolari yuzasidan tahlil oʻtkazgan.

Unda 5 153 ta (55,2 %) savdo jarayonida 6 611 ta raqobatga zid harakatlar aniqlandi.

Jumladan:

- tovar moddiy boyliklar xaridi boʻyicha buyurtmachilar tomonidan amalga oshirilgan 7670 ta tanlov (tender) savdolarida 5287 ta;

- qurilish sohasi boʻyicha 194 ta tanlov (tender) savdolarida 125 ta;

- ish, xizmatlar boʻyicha buyurtmachilarning amalga oshirgan 1500 ga yaqin tanlov (tender) savdolarida 1199 ta raqobatga zid harakatlar aniqlangan.

Qoʻmita tomonidan jami 5153 ta xaridlarda qonunbuzilish holatlari aniqlangan boʻlib, shundan 3 423 tasi huquqni muhofaza qilish organlariga vakolat doirasida choralar koʻrish boʻyicha taqdim etilgan. 157 ta xaridlardagi qonunbuzilishlar buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan.

Shuningdek, 1 573 ta xaridlar yuzasidan 562 ta ish qoʻzgʻatilib, tegishli choralar koʻrilgan. Davlat xaridlarida qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻygan 535 ta mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Oʻtgan davr mobaynida Qoʻmitaga mazkur sohada yuridik va jismoniy shaxslardan jami 317 ta murojaat va arizalar kelib tushgan.

Shundan 293 ta murojaat Qoʻmita tomonidan oʻrganilgan, 24 tasi vakolat doirasida koʻrib chiqish uchun tegishli tashkilotlarga yoʻnaltirilgan.

Qoʻmitaga kelib tushgan murojaatlar oʻrganilganda, Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilganligi aniqlandi.

Jumladan, “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 2024 yil 7 fevralda boshlangʻich qiymati 7 mlrd 800 mln soʻmlik axborotlashtirish qurilmalarini yetkazib berish boʻyicha tanlov savdosi eʼlon qilingan.

Mazkur tanlov savdosida qonunchilik talablari buzilgan deb topilib, Qoʻmitaning tegishli qaror va koʻrsatmasi berilgan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy filiallari jumladan, Toshkent shahar hududiy filiali 2024 yil 7 fevralda eʼlon qilgan boshlangʻich qiymati 6 mlrd 400 mln soʻmlik “Transformatorlarni taʼmirlash xizmatlari” uchun hamda Jizzax viloyati hududiy filiali tomonidan esa boshlangʻich qiymati 1 mlrd 575 mln soʻmlik oʻtkazilgan tanlov savdolarida ham qonunchilik talablari buzilgan deb topilgan va buyurtmachiga tanlov savdolari natijasini bekor qilinishi boʻyicha Raqobat qoʻmitasining tegishli koʻrsatmasi berilgan.

Shuningdek,Ftiziatriya va pulmonologiya tibbiy reabilitatsiya markazining 2024 yil 6 fevralda eʼlon qilingan “Shifoxonada davolanayotgan bemorlarga tayyorlanadigan parhez taomlarni tayyorlash uchun autsorsing xizmati” sohasida 1 mlrd soʻmdan ortiq tender savdolarida qonunbuzilish aniqlangan va uni bekor qilish boʻyicha ham Qoʻmitaning tegishli koʻrsatmasi berildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid