2026 yilgacha nogironlarning harakatlanishi boʻyicha yangi tizim ishga tushadi
Davlat tashkilotlari fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni oʻtkazishda majburiy tarzda surdotarjimon ishtirokini taʼminlaydi.

Oʻzbekistonda nogironlar boʻyicha respublikaning barcha hududlarini qamrab oluvchi “Interaktiv xarita” axborot tizimi ishga tushiriladi.
“Nogironligi boʻlgan shaxslarga qulay va toʻsiqlarsiz muhit yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-266-son, 18.07.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2024 yil 1 oktabrdan:
- rekonstruksiya qilinadigan va taʼmirlanadigan shaharsozlik faoliyati obʼektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi boʻlgan shaxslarga sharoitlar yaratish boʻyicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi;
- har yili “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi mablagʻlarining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi boʻlgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va toʻsiqsiz muhit yaratish boʻyicha qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlariga yoʻnaltiriladi.
2025 yil 1 yanvardan belgilangan faoliyat turlari boʻyicha litsenziya berishda obʼektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻsiqlarsiz muhit yaratilganligi boʻyicha Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.
Joylardagi hokimliklar:
- har yili 1 noyabrgacha keyingi yil uchun oʻzining hududidagi kamida bittadan koʻchani nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish loyihasini ishlab chiqadi hamda uning qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshiradi;
- 2024 yil 1 dekabrgacha nogironligi boʻlgan shaxslarning qulay va toʻsiqlarsiz harakatlanishlari uchun shaharsozlik norma va qoidalari talablari asosida belgilangan roʻyxatga muvofiq koʻchalarni moslashtiradi.
2026 yil 1 yanvargacha nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishi uchun respublikaning barcha hududlarini qamrab oluvchi toʻsiqlarsiz muhit yaratilgan obʼektlarni aniqlash imkonini beruvchi “Interaktiv xarita” axborot tizimi ishga tushiriladi.
2024 yil 1 oktabrdan Toshkent shahri va xalqaro avtobusda yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarini, 2025 yil 1 yanvardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun tenderlarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻsiqsiz muhitni taʼminlovchi uskunalar bilan jihozlangan avtobuslarga ega boʻlgan tashabbuskorlar ishtirok etadi.
Ushbu talab kuchga kirgunigacha tenderda gʻolib boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarida xizmat koʻrsatayotgan tadbirkorlarning:
- avtobuslarni nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha boʻlgan qismi 2024 yil 1 noyabrdan qoplab beriladi.
2024 yil 1 sentabrgacha vazirlik va idoralar, ularning hududiy boʻlinmalari hamda tizim tashkilotlarida bir nafar rahbar oʻrinbosari nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay va toʻsiqlarsiz muhit yaratilishi boʻyicha masʼul etib belgilanadi.
2025 yil 1 yanvardan:
- vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subʼektlar fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni oʻtkazishda majburiy tarzda surdotarjimon ishtirokini taʼminlaydi;
- vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash boʻyicha bir nafar xodimi surdotarjimonlik kurslarida oʻqitiladi.
2024 yil 1 oktabrdan:
- shahar yoʻlovchi transportida I guruh nogironligi boʻlgan shaxs va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bepul xizmat koʻrsatiladi;
- I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalarini moslashtirish xarajatlarining 50 foizi (BHMning 30 baravarigacha boʻlgan miqdorda) qoplab beriladi.
Ijtimoiy inspeksiya nogironligi boʻlgan shaxslarga qulay muhit va toʻsiqlarsiz harakat qilish imkoniyatlari yaratilganligini nazorat qiluvchi vakolatli organ etib belgilandi.