Sirdaryoda 37 mlrd. soʻmdan oshiq davlat xaridlarida qonun buzilishi aniqlandi
Holatlar Sirdaryo viloyati avtomobil yoʻllari boshqarmasi tizim tashkilotlarida aniqlangan.
Sirdaryoda 37 milliard soʻmdan oshiq davlat xaridida qonun buzilishi aniqlandi.
Raqobat qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati avtomobil yoʻllari boshqarmasi tizim tashkilotlarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlari hamda sohaga oid boshqa meʼyoriy hujjatlar ijrosi yuzasidan joriy yilning mart-iyul oylarida oʻrganish ishlari oʻtkazilgan.
Oʻrganishlar natijasida mazkur boshqarmaning tizim tashkilotlari: Boyovut, Oqoltin, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos va Guliston tumanlarida joylashgan unitar korxonalari tomonidan oʻtkazilgan boshlangʻich qiymati 37 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan 67 ta xaridlarda qonun buzilganligi holatlari aniqlandi.
Jumladan ushbu oʻtkazilgan davlat xaridlarida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan dastlabki malaka tanlovi, xarid qilish tartib-taomili, tanlashni oʻtkazish talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Shuningdek, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan savdolarda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar sodir etilgan.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan Sirdaryo viloyati Avtomobil yoʻllari boshqarmasi tizim tashkilotlariga nisbatan tegishli tartibda ish qoʻzgʻatilib, bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.