Oʻzbekiston FIFA reytingida koʻtarildi
Yevropa chempionati va Amerika kubogi yangi reytingga taʼsir oʻtkazdi.

FIFA terma jamoalarning yangilangan reytingini eʼlon qildi. Unda Oʻzbekiston termasi 1 pogʻona koʻtarilib, 61-oʻrinda qayd etildi.
Mazkur reytingda yaqinda yakunlangan Yevropa chempionati va Amerika kubogi musobaqalari taʼsiri ancha sezilgan.
Xususan, Amerika chempioni boʻlgan Argentina 1-oʻrinni ancha mustahkamlagan boʻlsa, Fransiya hamon 2-oʻrinda bormoqda. Yevropa chempioni Ispaniya esa katta sakrash bilan kuchli uchlikni tugatgan.
Finalchi Angliya termasi Braziliya termasidan oʻzib, 4-oʻringa chiqib olgan. Shuningdek, Turkiya ham 16 ta oʻringa koʻtarilgan va 26-oʻringa chiqqan.