platina.uz
Jamiyat

DXX advokatlarni pora bilan qoʻlga tushirdi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazdi.

DXX advokatlarni pora bilan qoʻlga tushirdi

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura xodimlari oʻtkazgan tezkor tadbirlarda advokatlar, ularning jinoiy sheriklari pora bilan qoʻlga olindi.

Xususan, Fargʻona shahridagi advokatlik firmalarida ishlovchi 2 nafar advokat oʻzaro til biriktirib, 50 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi. Ular 2023 yilda sud hukmi bilan 6 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumga nisbatan boʻlgan jinoyat ishini viloyat sudi tomonidan taftish tartibida koʻrish davomida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazoga oʻzgartirib berishni vaʼda qilgan.

Boshqa holatda Toshkent shahridagi advokatlik firmasining muqaddam bir necha marotaba sudlangan advokati 100 ming dollardan 50 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi. U Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida aniqlangan 12 mlrd. soʻm miqdoridagi zararning 6 mlrd. soʻmini prokuratura va ichki ishlar organlaridagi tanishlari yordamida jabrlanuvchi foydasiga undirib berishga ishontirgan.

Mazkur tezkor tadbir davom ettirilib, advokatning noqonuniy ishga aloqador hamkasbi va sobiq prokuror tanishi ham 50 ming dollardan 30 ming dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi advokatlik firmasining muqaddam sudlangan advokati Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaroning turmush oʻrtogʻi bilan qonuniy nikohini bekor qilishda sud tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 5 ming dollar bilan qoʻlga tushdi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid