Dala chetlaridagi maydonlar 10 yilgacha ijaraga beriladi
Pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga 10 gektargacha yer uchastkalari ajratilishi mumkin boʻladi.
Oʻzbekistonda dala chetlaridagi kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlar ijaraga beriladi.
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-936-son, 17.07.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Yer kodeksiga hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, endilikda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari 10 yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin boʻladi.
Shuningdek yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan mazkur yer uchastkalarida hamda bogʻlar va tokzorlarning qator oralariga maqbul ekinlar ekilishini yoki tut koʻchatlari oʻtqazilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Bundan tashqari Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni 10 gektargacha boʻlgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi qoʻshimcha kiritildi.
Ilgari bunday norma mavjud emas edi.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchaga koʻra, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Suv xoʻjaligi obʼektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyalariga maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga doir vakolatlar berildi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Telegramda kuzatib boring!