Qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz haqida badiiy film suratga olinadi

Prezident qaroriga koʻra Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻliga Moʻynoqda yodgorlik oʻrnatiladi va ekopark ochiladi. 

Madaniyat
17-iyul, 8:18
Qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz haqida badiiy film suratga olinadi

Qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz haqida film suratga olinadi. Prezidentning  "Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida" qarori qabul qilindi. 

Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita tuziladi. 

Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov) bir hafta muddatda Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini nishonlash hamda uning ijodiy merosini keng targʻib qilish boʻyicha quyidagi vazifalarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlaydi hamda uning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishini taʼminlaydi.

Jumladan, shoirning "Tanlangan asarlar»" toʻplamini oʻzbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini oʻtkazish;

- davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan sahna asarlari hamda "Ajiniyoz" badiiy-publitsistik filmini yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtirish;

- Nukus shahrida shoir ijodiga bagʻishlangan "Ayt, sen Ajiniyozning qoʻshiqlaridan" mavzusida mamlakat yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari oʻquvchilari oʻrtasida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli hayoti va ijodiga bagʻishlangan insholar tanlovini oʻtkazish;

- 2024 yilning sentabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy koʻrgazmalar zalida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va ijodiga bagʻishlangan kitoblar, tasviriy sanʼat asarlari va xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmasini oʻtkazish;

- 2024 yilning oktabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining adabiy merosini oʻrganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish;

- Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish;

- Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining Moʻynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik oʻrnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli nomidagi ekopark barpo etish;

- mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus, professional, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligiga bagʻishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtirish;

- 2024 yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarini tashkil etish taʼminlanadi.

Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan byudjet mablagʻlari, ularning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+