Qirgʻiziston prezidenti davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keladi
Toshkentda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinishi koʻzda tutilmoqda.

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keladi.
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 18-19 iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatda boʻladi.
Bu haqda Qirgʻiziston prezidenti Administratsiyasi tashqi siyosat boʻlimi boshligʻi Muratbek Azymbakiyev maʼlum qildi.
"Tashrif doirasida Prezident Sadir Japarov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazadi.
Tomonlar oʻzaro manfaatli barcha sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini, shuningdek, Qirgʻiziston-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladilar.
Tashrif doirasida davlat rahbari Qirgʻiziston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi madaniyat kunlarining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etadi. Shuningdek, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston davlat rahbarlari ishtirokida amalga oshirilayotgan ikki tomonlama loyihalarning onlayn ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.
Bundan tashqari, tashrifga bagʻishlangan Qirgʻiziston-Oʻzbekiston biznes-forumi, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi kabi bir qator tadbirlar oʻtkaziladi", - deya maʼlumot bergan Muratbek Azimbakiyev.