platina.uz
Jamiyat

Nogironlikni belgilashda yangi tartiblar joriy etiladi

1 oktabrdan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan nogironlikni belgilash bekor qilinadi. 

Nogironlikni belgilashda yangi tartiblar joriy etiladi

Oʻzbekistonda nogironlikni belgilash tartibiga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

“Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-257-son, 16.07.2024 y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Nogironlikni belgilashning quyidagi tartibi joriy etiladi:

2024 yil 1 sentabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025 yil 1 sentabrgacha respublikaning qolgan hududlarida:

-fuqarolarga nogironlikni belgilash boʻyicha YaIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;

-tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) koʻrigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yoʻllash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshiriladi;

- “Inson” markazlari xodimlari tomonidan 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda baholash natijalari 2025 yil 1 sentabrgacha nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi;

- shaxs sogʻligʻining holatiga koʻra “Inson” markazlariga borish imkoniga ega boʻlmaganda sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda boʻlgan statsionarda oʻtkaziladi;

-2024 yil 1 oktabrdan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.

2025 yil 1 apreldan:

-fuqarolarni TIEK koʻrigiga yoʻllash uchun lozim boʻlgan amaldagi davolanish muddatlari boʻyicha talab bekor qilinadi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi;

-TIEK tomonidan kasbga, sportga va taʼlimga tavsiya berish tartibi bekor qilinadi;

-TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga oʻtkazilishi orqali tugatiladi;

-18 yoshdan katta shaxslarga nogironlikni belgilashda nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, shuningdek, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid maʼlumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.

2025 yil 1 sentabrdan tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan faqat tibbiy hujjatlarga asosan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlikni shaxs sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash natijalaridan kelib chiqib elektron tarzda belgilash tartibi yoʻlga qoʻyiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid