Birinchi yarim yillikda yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga koʻpaydi
Byudjet daromadlari esa 14 foizga oʻsib, 113 trillion soʻmga yetgani aytildi.

2024 yilning birinchi olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga koʻpaygan.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.
Tahlillar koʻrsatishicha, 2024 yilning birinchi olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga koʻpaydi, sanoat – 7,8 foizga, qurilish – 10,1 foizga, xizmatlar – 12,9 foizga, qishloq xoʻjaligi – 3,8 foizga oʻsdi.
Byudjet daromadlari ham 113 trillion soʻmga yetib, 14 foizga oʻsdi.
Umuman, yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qoʻshilgan qiymat 567,4 trillion soʻmga yetdi. Bu – oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 94 trillion soʻmga koʻp.
Birinchi yarim yillikda jami kapital quyilmalar 229 trillion soʻmni tashkil qilganini taʼkidlandi. Shundan 15,5 milliard dollari xorijiy investitsiya.
Yil boshidan 3,5 milliard dollarlik 3 mingta loyiha ishga tushib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratildi.
Tadbirkorlik uchun 82 trillion soʻm kredit va 15,5 trillion soʻm subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilindi. Berilgan yengillik va imtiyozlar hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida 56,3 trillion soʻm mablagʻ qoldi.