Amerika kubogidan soʻng janjal: Kolumbiya futbol federatsiyasi rahbari va oʻgʻli hibsga olindi
Ular finaldan keyin taqdirlashga kirishga urinishgan va janjal koʻtarishgan.
AQSh politsiyasi Kolumbiya futbol federatsiyasi rahbari Ramon Jesurun va uning oʻgʻlini hibsga oldi.
Bunga Mayamida boʻlib oʻtgan Amerika kubogi finalida Kolumbiya va Argentina terma jamoalari oʻrtasidagi oʻyindan keyin boshlangan mushtlashuv sabab boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, qoʻshimcha boʻlimlarda kolumbiyaliklarni 1:0 hisobida magʻlub etgan Argentina terma jamoasi Amerika kubogi gʻolibi boʻlgandi.
Taxminlarga koʻra, Ramon, uning oʻgʻli va boshqa oila aʼzolari taqdirlash marosimida ishtirok etish uchun maydonga kirishga harakat qilgan.
Politsiyaning maʼlum qilishicha, 71 yoshli Ramon Xesurun va 43 yoshli Ramon Hamil boshqa bir amaldorga hujum qilgani uchun hibsga olingan. Ularning maʼlumotlariga koʻra, voqea yakuniy hushtagi chalinganidan soʻng darhol sodir boʻlgan, federatsiya rahbari va uning oʻgʻli "maydonga kirish yoʻnalishiga qarab ketishgan", biroq xavfsizlik xodimlaridan biriga" baqira boshlagan".
Qoʻriqchi Ramonning oʻgʻlini orqaga qaytarish uchun uringan, deydi politsiya. Shundan soʻng federatsiya rahbari xodimni turta boshlagan, oʻgʻli esa uning boʻynidan ushlab, yerga tashlagan va boshiga ura boshlagan”, — deyiladi xabarda.
Ramonning oʻgʻli ham vaziyatga aralashmoqchi boʻlgan qoʻriqchi ayolni ushlab, itarib yuborgan.
Kolumbiya futbol federatsiyasi hozircha vaziyatga izoh bermadi. Ramon va uning oʻgʻli ham izoh bermadi.