Julian Assanj: jinoyatchimi yoki erkin ovoz kurashchisi
Avstraliyalik mashhur xakerning oʻzbek elitasiga qanday aloqasi bor?
Oʻtgan oyda Saypan orolida jahon miqyosida shov-shuv koʻtargan xaker va jurnalist Julian Assanjning 18 yillik sargardonligiga chek qoʻyildi: AQSh sudi uni taʼqib qilishni rasman toʻxtatdi. Nihoyat Assanj masalasi yopildi.
Julian Assanj nima bilan tanilgan?
Julian Pol Assanj 1971 yil 3 iyulda Avstraliyaning Taunsvil shahrida tugʻilgan. Yoshligida 37 ta maktab va 6 ta universitetni almashtirgan, lekin birorta oliy oʻquv yurtini tamomlamagan.
Onasining bir musiqachi bilan munosabatlari zoʻravonlikka aylanib ketgach, 11 yoshidan 16 yoshigacha boʻlgan davrda uydan qochib, sargardonlikda yashagan.
U 1987 yilga kelib, 16 yoshidan boshlab, dasturlashga qiziqib qolgan va keyinchalik Mendax “nikneymi” ostida xakerlik bilan shugʻullangan. (Mendax – latin tilida “olijanob yolgʻon” degani).
Assanj doʻstlari bilan birgalikda International Subversives (“Xalqaro qoʻporuvchilar”) xakerlar guruhini tashkil etgan.
Julian Assanj xaker sifatida AQSh davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va boshqa davlat idoralarining maʼlumotlar bazalarini buzib kirib, maxfiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash kabi jinoyatlarda gumon qilingan.
U 1991 yilda, 20 yoshida, Kanadaning Nortel Networks telekommunikatsiya kompaniyasi serveriga kirishda gumon qilinib, tergovga tortildi. Tergov harakatlari bir necha yil davom etdi. 1996 yilda Julian Assanj unga qoʻyilgan 31 ta ayblovning aksariyati boʻyicha iqror boʻldi, biroq atigi 1,3 ming dollar miqdoridagi jarimaga tortildi. Chunki sud uning xatti-harakatlarida jinoiy gʻaraz yoki shaxsiy manfaat topmadi.
Keyinchalik Assanj kompyuter xavfsizligi boʻyicha maslahatchi boʻlib ishladi va axborot texnologiyalari sohasida bir nechta kasblarni almashtirdi. 1998 yilda u Avstraliyada Earthmen Technology – tarmoqqa kirishni aniqlash texnologiyalarini ishlab chiquvchi kompaniyaga asos soldi.
WikiLeaks tarixining boshlanishi
Julian Assanj 2006 yilda hamfikrlari bilan birga WikiLeaks veb-saytini yaratdi. U “erkin maʼlumot almashuv nolegitim boshqaruvga chek qoʻyadi” degan umidda shu ishga qoʻl urganini aytadi.
Yangi sayt anonim manbalardan olingan maxfiy maʼlumotlarni jamoatchilikka taqdim eta boshladi. Dastlabki shunday maxfiy hujjat 2006 yil dekabr oyida eʼlon qilindi. U Somali Islom Sudlari Ittifoqining hukumat amaldorlarini qatl etishga chaqirgan qarori edi. Keyinchalik WikiLeaks hujjat haqiqiy emas, balki “AQSh razvedkasining atay uyushtirgan tuhmati" boʻlishi mumkinligi haqida raddiya eʼlon qildi.
Assanj 2010 yilda WikiLeaks saytida 2007 yilda Bagʻdodda bir guruh tinch aholi AQSh armiyasiga tegishli ikkita Apache vertolyoti tomonidan oʻqqa tutilgani aks etgan videoni eʼlon qilganidan keyin xalqaro miqyosda mashhurlikka erishdi. Bu otishma qurbonlari orasida Reuters agentligining ikki muxbiri ham boʻlgan. Assanj bu videoni Islandiyadagi xavfsiz uyi – oʻzi va boshqa WikiLeaks maʼmurlari “bunker” deb atovchi binodan turib, saytga joylagan.
Keyinchalik bu videomaterial manbasi – AQSh armiyasining 1-tabaqali oddiy askari, sobiq razvedka kichik tahlilchisi Bredli Menning ekani maʼlum boʻldi.
2016 yilda Assanj, agar uning xabarchi-manbasi Bredli avf etilsa, AQShga taslim boʻlishga vaʼda berdi. 2013 yilda 35 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Menning 2017 yilda prezident Barak Obama tomonidan avf etildi va harbiy xizmatda qoldirildi. Biroq Assanj vaʼdasining ustidan chiqmadi.
Bredli umumiy hisobda Iroq boʻyicha 400 ming, Afgʻoniston boʻyicha 90 ming hisobotlardan iborat maxfiy maʼlumotlar bazalarini, shu bilan birga AQSh davlat departamentiga tegishli va uning diplomatlari yozgan 250 ming telegramma hamda Guantanamoda saqlanuvchi mahbuslar haqidagi 800 ta tahliliy maʼlumotlarni Assanjga taqdim etgan.
Keyinchalik WikiLeaks sayti AQShning Afgʻoniston va Iroqdagi harbiy kampaniyalari hamda amerikalik diplomatlar oʻrtasidagi yozishmalarga oid maxfiy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan ushbu hujjatlarning barchasini eʼlon qildi. Mazkur materiallar josuslik oʻyinlari, hukumatlardagi yuqori mansabdorlarning korrupsion jinoyatlari, harbiy jinoyatlar va AQSh diplomatiyasining jamoatchilikdan yashirin sirlaridan soʻzlardi. Mazkur hujjatlar yashin tezligida dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatildi.
Ehtiyotsizlikmi yoki maqtanish?
WikiLeaks tahririyati xabarchi-manbalarining fosh etilishiga oʻzi ham sababchi boʻlgan. Masalan, 2011 yilda AQSh davlat departamenti maxfiy hujjatlarini chop etishganida bu maʼlumotlarni taqdim etgan shaxslarning nomlarini oʻchirishni unutgan. Bu xato manbalarning fosh etilishi va mahkamaga tortilishiga sababchi boʻlgan. Koʻplab siyosatchi va diplomatlar xavf ostida qolgan.
Taʼqibning boshlanishi
2010 yilda AQShda Assanjga nisbatan 1917 yildagi Josuslik haqidagi qonun (The Espionage Act of 1917) talablarini buzishda gumonlanuvchi sifatida surishtiruv harakatlari boshlandi. Shu yili Assanj WikiLeaks saytiga kiberhujumlarning oldini olish, sayt xodimlari va manbalarning anonimligini saqlash maqsadida sayt serveri Shvetsiyaga koʻchirildi. Chunki bu mamlakat qonunchiligi foydalanuvchilarning anonimligi uchun ishonchli himoyani taʼminlaydi. U shu yilning avgust oyida Shvetsiyaga kelib, yashash va ishlash uchun ruxsatnoma olishga ariza topshirdi. Biroq oʻsha oyning oʻzida Shvetsiya huquq-tartibot idoralari unga Shvetsiyaning ikki fuqarosiga nisbatan jinsiy xarakterdagi jinoyatlar sodir etishda ayblovlar qoʻydi. Assanj bu ayblovlar siyosiy tusga egaligini bildirdi.
Gap shundaki, Assanj xakerlik va jurnalistlikdan “boʻsh paytlarida” bir yoʻla ikki xonim – Anna Ardin va Sofiya Vilenning koʻnglini ovlab yurgan. Ular oʻzlaridan ham boshqa “raqobatchi”si mavjudligini bilib qolgach, rashk taʼsirida Assanjni sudga berishgan.
Natija shu boʻldiki, Assanjning Shvetsiyada yashash va ishlash ruxsatnomasi olish boʻyicha bergan arizasi rad etildi va 2010 yil 18 noyabrda Stokholm okrug sudi uni hibsga olish haqida qaror chiqardi. Sudning mamlakatni tark etmasligi haqidagi qaroriga qaramasdan, uni AQShga ekstraditsiya qilishlaridan xavotir olgan Assanj Buyuk Britaniyaga ketishga majbur boʻldi.
2010 yil dekabr oyida Assanj uni ekstraditsiya qilinishini talab etgan Shvetsiya huquq-tartibot idoralari talabiga binoan Londonda hibsga olindi. Biroq tez orada 240 ming funt-sterling garov evaziga, mamlakatni tark etmaslik haqidagi tilxat olinib ozodlikka chiqarildi. Assanj ekstraditsiya borasidagi sud majlisini kuta boshladi. 2011 yil fevral oyida sud uni Shvetsiyaga topshirish haqida qaror chiqardi. 2012 yil iyun oyida esa Buyuk Britaniya Oliy sudi Assanj advokatlarining apellyatsiya shikoyatini rad etdi. Assanj darhol Ekvadorning Londondagi elchixonasi hududiga yashirindi va unga siyosiy boshpana berishlarini soʻradi. Chunki uni Shvetsiyaga, u yerdan esa AQShga ekstraditsiya qilishlaridan choʻchiyotgan edi. Bu yerda u deyarli 7 yil yashadi.
2016 yilda WikiLeaks Rossiyaning AQShdagi prezident saylovlariga aralashuvi haqidagi mojaro bilan bogʻliq bir jurnalistik surishtiruvi bilan mashhur boʻldi. Saytda AQSh demokratik partiyasi rahbariyatining oʻzaro elektron yozishmalari eʼlon qilindi. AQSh hukumati Rossiya harbiy razvedka tuzilmasini Demokratik partiya serverlariga xakerlik atakasi uyushtirishda aybladi. Kreml buni rad etdi.
Aksariyat manfaatdor tomonlarning taʼkidlashicha, partiya rahbariyatining yozishmalari bu partiyadan prezidentlikka nomzod Hillari Klintonning reytingiga salbiy taʼsir koʻrsatib, uning saylovda yutqazishiga bilvosita sabab boʻlgan.
Assanjning taʼqib etilishi huquqbonlar hamda siyosiy faollar tomonidan “inson huquqlarini buzish” deya baholandi, Assanj himoyasi uchun koʻplab norozilik namoyishlari oʻtkazildi. Assanjni qamoqqa olishlariga u yoki bu tarzda hissa qoʻshgan hukumatlar, vazirliklar, amaldorlar, hatto PayPal, MasterCard, Visa, Moneybookers kabi toʻlov tizimlarining hamda Amazon.com saytlariga sanoqsiz kiberhujumlar uyushtirildi. Assanjning hamkasblari – xaker va jurnalistlar shu tariqa u bilan birdam ekanligini namoyish etishdi.
Bu davrda esa amerikaliklar WikiLeaks sayti va uning asoschisi Assanjga qarshi josuslik qonunini buzganlikda gumon qilib, oʻz surishtiruvlarini davom ettirishdi.
Boshpana bekor qilindi
2019 yil 11 aprelda Ekvador prezidenti Lenin Moreno Julian Assanjni Buyuk Britaniyadagi elchixona hududidan berilgan boshpanadan mahrum qildi. Bunga Assanjning “bir necha marta boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik borasidagi xalqaro huquq meʼyorlarini buzgani” asos qilib koʻrsatildi. (Aslida esa avvalroq ushbu prezident aralashgan korrupsion janjal chiqqan va Ekvador hukumati bu maxfiy maʼlumotlar oshkor qilinishida WikiLeaks’ni ayblagan edi). Britaniya politsiyasi shu kuniyoq elchixonaga kirib, Assanjni hibsga oldi. 2012 yil 29 iyunda Assanj garov shartlarini buzgani uchun Buyuk Britaniyada 50 haftalik qamoq jazosiga hukm qilindi.
2019 yil may oyida Julian Assanj kompyuter maʼlumotlarini noqonuniy olish uchun til biriktirishda ayblandi. Biroz vaqt oʻtgach, AQSh adliya vazirligi Assanjga qoʻshimcha 17 ta ayblov qoʻydi, shu jumladan, amerikalik harbiy xizmatchini Iroq va Afgʻonistondagi harbiy amaliyotlar boʻyicha minglab maxfiy manbalarni olishga undash va WikiLeaks saytida eʼlon qilishda ayblandi.
Julian Assanj 50 haftalik qamoq muddatini oʻtab boʻlgach, unga "maxsus sabablarga koʻra", AQShga ekstraditsiya qilinguniga qadar ozodlikka chiqish rad etildi. Shu bilan birga, Shvetsiya prokuraturasi Assanjga 2010 yilda birinchi marta qoʻyilgan jinsiy zoʻravonlik ayblovlari yangilanishi munosabati bilan uni ekstraditsiya qilishni talab eta boshladi.
2019 yil 16 oktabrda BMTning maxsus maʼruzachisi Nils Melser Belmarsh qamoqxonasida saylanayotgan Julian Assanjni ziyorat qildi va Assanj muntazam ravishda psixologik qiynoqlarga duchor boʻlayotganini aytdi. 19 noyabrda Shvetsiya prokuraturasi Assanj ishi boʻyicha tergov harakatlarini toʻxtatdi.
2019 yil 2 may kuni Londonda Assanjni AQShga ekstraditsiya qilish boʻyicha sud tinglovlari boshlandi. 2021 yil 4 yanvarda sud Assanjni ruhiy salomatligi yomonligi sababli ekstraditsiya qilish mumkin emasligi haqida qaror chiqardi. Sud qaroriga koʻra, Julian Assanj AQSh prokuraturasi apellyatsiya shikoyati berishi uchun kerak boʻladigan muddat davomida Britaniya qamoqxonasida qoladigan boʻldi. Keyingi toʻrt yil davomida Assanjni AQShga ekstraditsiya qilish boʻyicha bir necha sud majlislari boʻlib oʻtdi.
Julian Assanj ishi boʻyicha soʻnggi tinglov 2024 yilning 26 martida oʻtdi. Advokatlar ekstraditsiyaga qarshi chiqishdi. Advokatlar AQSh hukumati Assanjga bir qancha kafolatlar berishini talab qilishdi. AQSh Konstitutsiyaga kiritilgan, soʻz erkinligini himoya qiluvchi birinchi tuzatishdan foydalanish imkoniyati, sudning ayblanuvchiga nisbatan xolis boʻlishi va oʻlim jazosiga hukm qilinmasligi shular jumlasidandir.
2024 yil 26 mart kuni London Oliy sudi AQSh hukumatidan sudlanuvchi ekstraditsiya qilinsa, uning huquqlari taʼminlanishi va oʻlim jazosiga hukm qilinmasligi borasida kafolat talab qildi.
Shu yilning 16 aprel kuni bu kafolatlar berilishi haqidagi hujjatlarni taqdim etdi. 2024 yil 20 may kuni Londondagi Angliya va Uels Oliy sudi Julian Assanjga uni AQShga ekstraditsiya qilish haqidagi avvalgi qaror ustidan shikoyat arizasi berishga ruxsat berdi. Sudyalar Amerika rasmiylari tomonidan berilgan vaʼdalar Assanj ekstraditsiya qilingan taqdirda uning huquqlarini taʼminlay olmaydi, deb topishdi.
25 iyunda esa Assanj Angliya va Uels oliy sudi qarori bilan garov evaziga Buyuk Britaniya qamoqxonasidan ozod etilgani hamda Assanj va AQSh prokuraturasi oʻrtasida dastlabki kelishuv imzolangani maʼlum qilindi. Assanj darhol Avstraliyaga uchib ketdi.
Assanj AQSh prokuraturasi bilan aybini tan olish haqidagi dastlabki kelishuvga koʻra, faqat bitta epizod – milliy mudofaa haqidagi maʼlumotlarni olish va oshkor qilish maqsadida til biriktirish moddasi boʻyicha aybini tan olgan.
Oxirgi sud va ozodlik
Sud majlisi 26 iyun kuni AQShning Tinch okeanidagi zamini Saypan orolida oʻtkazildi.
Shu kuni AQSh federal okrug sudi WikiLeaks asoschsini ozod qildi. Toʻgʻrirogʻi, sud uni allaqachon Belmarsh qamoqxonasida oʻtgan muddatga ozodlikdan mahrum qildi, biroq jazo amalda oʻtab boʻlingani munosabati bilan Assanj ozodlikka chiqdi. Jurnalistning ishi nihoyat rasman tugatildi.
“62 oylik (5 yildan koʻproq – tahr) jazo adolatli boʻldi”, deya sudyaning soʻzlaridan iqtibos keltirgan The Guardian nashri
“AQSh hukumati 100 yillik Josuslik haqidagi qonunni ilk marta Assanj kabi jurnalistga qarshi ishlatdi”, deydi Assanjning advokati Barri Pollak.
“Mazkur sud taʼqibi butun dunyodagi jurnalistlarni xavotirga soluvchi pretsedent yaratdi”, dedi avstraliyalik inson huquqlari boʻyicha advokat Jennifer Robinson jurnalistlarga bergan intervyusida.
Assanjning oʻzi sud qaroriga izoh berishni istamadi.
Sud qarori chiqarilganidan soʻng AQSh adliya vazirligi bayonot eʼlon qilgan boʻlib, unga koʻra, Assanjga AQShga qaytishga maxsus ruxsatsiz ijozat etilmaydi.
Mukofotlar
Julian Assanj Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Amnesty International tomonidan 2008 yilda Keniya rahbariyatidagi korrupsiya haqidagi materiallarni nashr etgani uchun mukofotlangan. Sidney tinchlik jamgʻarmasi esa 2011 yilda Assanjni "Inson huquqlarini himoya qilishdagi alohida jasorati uchun" oltin medal bilan taqdirlagan.
2011 yilda Assanj va WikiLeaks sayti tinchlik boʻyicha Nobel mukofotiga nomzod qilib koʻrsatildi.
Julian Assanj “Anderground” (1997), “Shifropanklar: erkinlik va Intrente kelajagi” (2012), “Google WikiLeaks’ni uchratganida” (2014) va boshqa bir qancha mashhur kitoblar muallifi hisoblanadi. Shuningdek, u koʻplab kitoblar va filmlar (badiiy va hujjatli filmlar) qahramoniga aylangan.
WikiLeaks va Oʻzbekiston
Assanj tarqatgan materiallar orasida Oʻzbekiston va undagi mashhur shaxslar haqidagi materiallar ham talaygina. Ular asosan AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi davlat departementiga joʻnatgan diplomatik depeshalariga (hujjatlarda cablegram – kablogramma deb nomlanadi) asoslanadi.
WikiLeaks eʼlon qilgan maxfiy depeshalarda “Oʻzbekiston hukumati va uyushgan jinoyatchilik oʻrtasidagi mustahkam aloqalar”, shuningdek, “davlat va xususiy sektordagi lavozimlar muntazam “sotilishi” haqida xabar beriladi. Shuningdek, bu telegrammalarda Oʻzbekiston (2010 yillarda) korrupsiya gullab yashnagan davlat sifatida tasvirlangan.
Islom Karimov haqida
Maxfiy depeshalarda yozilishicha, Islom Karimov AQSh bilan oʻziga manfaatli sohalarda hamkorlik qilishni istagan. Vashingtonning Oʻzbekistonni demokratlashtirish haqidagi chaqiriqlariga Karimov “ostonadayoq” rad javobi bergan.
Telegrammalarda aytilishicha, Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov qudratli davlatlarning rahbarlaridan ham choʻchimagan, ularga oʻz fikr va qarashlarini qoʻrqmasdan ayta olgan.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Afgʻonistonga yuk tranzitini toʻxtatish bilan tahdid qilganidan keyin, 2007-2010 yillarda AQShning Oʻzbekistondagi elchisi boʻlgan Richard Norland Oʻzbekiston prezidenti bilan uchrashishni soʻragan. 2009 yil 18 iyun oʻtkazilgan suhbat bir yarim soat davom etgan.
Gulnora Karimova haqida
Koʻpchilik telegrammalarda prezident Karimovning qizi Gulnora Karimovaning jinoiy sxemalari haqida ham soʻz boradi. Elchixona telegrammalarida Gulnora “mamlakatdagi eng manfur shaxs”, “kriminal baron ayol”, “ochkoʻz va beshafqat” shaxs sifatida taʼriflangan. Biroq u OAVda “xayr-saxovatli, madaniyat, taʼlim va ijtimoiy masalalarda faol shaxs” ijobiy obrazini yaratishga uringan.
2004 yilda joʻnatilgan telegrammalarda qayd etilishicha, “birinchi qiz” otasining obroʻsidan foydalanib, mamlakatdagi eng daromadli korxonalardan ulush olish bilan ham shugʻullangan.
Lola Karimova haqida
Toshkentdan 2005 yilda joʻnatilgan 04TASHKENT3180 raqamli maxfiy diplomatik xabarlardan birida yozilishicha, Lola Karimova, opasidan farqli ravishda, hokimiyatga intilmaydi. U koʻngilxushlik va oʻyin-kulgini yaxshi koʻradi. Oʻshanda 26 yoshli Lola Toshkent boʻylab Porsche Cayenne sport mashinasida yurgan. Elchining bildirishicha, bunday mashina oʻsha paytda Toshkentda yagona boʻlgan.
Telegramda kuzatib boring!