Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida toʻlaqonli erkin savdo joriy etilishi mumkin
Olma-otadagi hukumatlararo qoʻshma yigʻilishda bu haqda muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida erkin savdoga oʻtilishi mumkin.
Joriy yilning 11-12 iyul kunlari Olma-ota shahrida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 21 yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligida oʻtgan yigʻilishda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani taʼkidlangan.
"Bugun dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy va tez oʻzgaruvchan vaziyatni inobatga olgan holda, mamlakatlarimiz oʻrtasida barcha yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega boʻlib borayotgani alohida qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda, yaqin yillarda oʻzaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish zarurligi, buning uchun, uchinchi davlatlardan import oʻrnini bosish va toʻlaqonli erkin savdo rejimiga oʻtish boʻyicha tizimli ishlarni kuchaytirish lozimligi bildirildi" deyiladi xabarda.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, transport va tranzit, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, energetika, qishloq xoʻjaligi, fan-taʼlim, madaniyat va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Yigʻilish soʻnggida, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 21 yigʻilishi bayoni imzolandi.