Kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bitta tizimda boʻladi
Bu Prezident oʻtkazayotgan yigʻilishda aytib oʻtildi. Davlat rahbari viloyatdagi sanoat oʻsishi darajasini ham tanqid qildi.

Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha sohalar Ijtimoiy himoya tizimiga oʻtkaziladi. Bu haqda Quvada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtkazildi.
Mahalla yettiligida qanday ishlash kerakligi boʻyicha tajriba toʻplandi, ularga bank-moliya instrumentlari bilan koʻmaklashish joriy qilindi. Shu bilan birga, tizim kengaygan sari yangicha yondashuvga ehtiyoj sezilmoqda.
Ehtiyojmand aholi daromad manbai bilan taʼminlanmasa, yana ijtimoiy yordamga qayta-qayta murojaat etishi koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois, endi kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bitta, yaʼni Ijtimoiy himoya agentligi tizimida boʻladi.
Fargʻona aholisi 4 milliondan oshdi. Bunday oʻsish bilan viloyat aholisi 2030 yilga borib 5 millionga yetadi. Bu – Fargʻona viloyatini oʻzida yiliga 100 ta yangi bogʻcha, 40 ta maktab, 20 mingta xonadon va 500 mingta qoʻshimcha ish oʻrni yaratish kerak, degani.
Bu esa viloyat hokimi, uning 8 ta oʻrinbosari, 19 ta shahar-tuman hokimi oldiga katta vazifalar qoʻyib, ulardan qattiq masʼuliyat talab etishi koʻrsatib oʻtildi.
Viloyatdagi baʼzi korxonalarda ishlab chiqarish hajmi pasaygani, ayrimlari ishlamayotgani, 3 ta loyihani ishga tushirish 4-5 yildan beri choʻzilib kelayotgani tanqid qilinib, masʼul rahbarlar bunday korxonalarga yordamlashishi zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Roʻyxatga olingan tadbirkorlarning muayyan qismi faoliyat yuritmayotgani, ayrimlarida esa aylanma va ish oʻrinlari qayd etilmagani “yashirin iqtisodiyot”dan dalolat berishi qayd etildi.
Mutasaddilarga bu holatlarni oʻrganib, “soyadan” chiqishga koʻmaklashish topshirildi.
Soʻnggi yetti yilda respublika sanoati 1,6 barobar oʻsgani bilan, Fargʻona bu koʻrsatkich boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrinda.
Viloyat sanoatining yarmi Fargʻona va Qoʻqon shaharlari, Uchkoʻprik tumaniga toʻgʻri keladi.
Oʻtgan yillarda viloyatga kiritilgan har
bir ming dollar xorijiy investitsiya
soliq tushumlarini oʻrtacha 207 dollarga koʻpaytirgan. Lekin bu koʻrsatkich boʻyicha Toshloq, Dangʻara, Yozyovon, Rishton va Uchkoʻprik ancha orqada.
Mutasaddilarga meva-sabzavot eksporti va paxtani qayta ishlashda ham kamchiliklar borligi, bu boradagi rejalar yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Bu yil “Tashabbusli byudjet” doirasida Fargʻonadagi 266 ta loyihaga 340 milliard soʻm ajratildi.
Lekin uch oydan beri koʻplab loyihalar boʻyicha hali amaliy ish boshlanmagani qattiq tanqid qilindi.
Shu oyni oʻzida “Tashabbusli byudjet”ga viloyat byudjetidan hozirgacha berilmagan mablagʻlarni oʻtkazib berish topshirildi.
Buning hisobiga 35 ta mahalladagi elektr, gaz va yoʻl masalasi hal boʻladi.
Umuman, tumanlar mahalliy byudjetida mablagʻni koʻproq qoldirish maqsadida jismoniy shaxslardan daromad soligʻini yarmini tuman byudjetida qoldirish masalasini koʻrib chiqish topshirildi.
Endilikda viloyat rahbariyatining masʼuliyatini oshirish boʻyicha Fargʻonada yangi tizim boʻlishi belgilandi.
Viloyat hokimining oʻzi va har bir oʻrinbosari, 19 ta tuman va shahar hokimi kuniga kamida 5 tadan tadbirkor va xorijiy investorni qabul qilib, ularni muammosini hal qiladi.
Ular har hafta televideniye, radio orqali
aholi va tadbirkorlarga boʻlayotgan oʻzgarishlarni aytib boradi.
Yil yakunida ularning faoliyati sarhisob qilinib, tegishli chora koʻriladi.
Viloyat kengashi deputatlari ham komissiya tuzib, har bir raqamni nazoratga olishi muhimligi qayd etildi.
Prezident viloyatning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Jumladan, Quvasoyning Pakana, Kokilon va Soʻfon mahallalari hisobidan Qoʻqon iqtisodiy zonasi hududi 210 gektarga kengaytiriladi.
Bu yerlarda 200 million dollarlik, kelgusi yilda 500 million dollarlik loyiha qilish, kamida 10 ming ish oʻrni yaratish vazifasi qoʻyildi.
Viloyat hokimiga 19 ta tuman-shaharning har birini Xitoy tajribasi asosida sanoatning aniq yoʻnalishiga ixtisoslashtirish va ularda sanoat zonalarini tashkil qilish topshirildi.