Erdoʻgʻon Turkiya ShHTga aʼzo boʻlishini aytdi
Lekin u tashkilotga kirish muddatlarini aytmagan.

Turkiya Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) toʻlaqonli aʼzo boʻlish niyatida. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon bayonot berdi.
U ShHTga aʼzo boʻlish muddatini ochiqlamagan.
"Hozirda ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega boʻlgan Turkiyaning maqsadi tashkilotga toʻliq aʼzo boʻlishdir. Endi u Shanxay beshligiga qoʻshilishi kerak", — dedi janob Erdoʻgʻon NATOning Vashingtondagi sammiti yakunlari boʻyicha matbuot anjumanida.
Turkiya prezidenti 3-4 iyul kunlari Ostonada boʻlib oʻtgan ShHT sammitida ishtirok etdi. Tadbir doirasida u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi va uni Turkiyaga taklif qildi. Sammitdan soʻng Rajab Toyyib Erdoʻgʻon ShHT doirasida Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirish niyatida ekanligini maʼlum qilgan.
Eslatib oʻtamiz, ShHTning Ostonadagi soʻnggi sammitida Belarus aʼzolikka qabul qilingandi.