"Buxoro hududiy elektr tarmoqlari"ga qarshi ish qoʻzgʻatildi
Mazkur ish "Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasi murojaatidan soʻng ochilgan.

Raqobat qqoʻmitasi "Buxoro hududiy elektr tarmoqlari" korxonasiga qarshi ish qoʻzgʻatdi.
"Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasi markazi tomonidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat kelib tushgan.
Murojaatda elektr tarmoqlari amalda belgilangan tarifga nisbatan qoʻshimcha toʻlov hisoblayotganligi bayon etilgan. Majmua qoʻmitadan ushbu masalada amaliy yordam soʻralgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 avgustdagi 364-sonli qarori 3-bandi (Vazirlar Mahkamasining 10.09.2003 yildagi 525-f-sonli Farmoyishi 1-bandi)da Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi diniy tashkilotlar 2003 yil 1 sentabrdan boshlab ularga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlarga toʻlovlarni aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha toʻlashi koʻrsatilgan.
Oʻrganishlar jarayonida, “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan “Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasi markaziga yetkazib berilgan elektr energiya uchun yuritilgan hisob-kitoblarda yuqoridagi qaror talablariga rioya qilmagan holda amalda belgilangan tariflarni oshirib qoʻllash natijasida majmuaga nisbatan 115,0 mln soʻmlik qoʻshimcha toʻlov hisoblanganligi aniqlangan.
Boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi.