“INSON” sugʻurta tashkilotiga qarshi ish ochildi
Elektron sugʻurta polislari boʻyicha transport vositasi egalariga sugʻurta tovoni toʻlanmagani aniqlangan.

Raqobat qoʻmitasi “INSON” AJ sugʻurta tashkilotiga qarshi ish ochdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Qoʻmitaga isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlar tahlil qilingan. Natijada transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha haydovchilar soni “ChEKLANMAGAN” holda foydalanish sharti bilan “INSON” AJ sugʻurta tashkiloti tomonidan rasmiylashtirilgan elektron sugʻurta polislari boʻyicha transport vositasi egasining yaqin qarindoshlarining javobgarligi uchun sugʻurta tovoni toʻlab berilmayotganligi aniqlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalariga muvofiq, transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisida koʻrsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) ushbu transport vositasidan mustaqil foydalanishi va boshqarishi mumkinligi belgilangan.
Mazkur harakat uchun ishonchnoma talab qilish tartibi 2019 yil 1 oktabrdan boshlab bekor qilingan.
Shunga qaramasdan, sugʻurta tashkiloti tomonidan sugʻurta tovoni toʻlab berilmagan. Bunga sabab sifatida “ChEKLANMAGAN” sugʻurta polisida transport vositasi egasining yaqin qarindoshlarining ism-shariflari va qarindoshlik darajasi koʻrsatilmaganligi hamda shu sababli ularning fuqarolik javobgarligi sugʻurtalanmaganligi vaj qilib koʻrsatilgan.
Mazkur holat boʻyicha Qoʻmita tomonidan “INSON” AJ sugʻurta tashkilotiga nisbatan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasi buzilishi alomatlari yuzasidan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi.