platina.uz
Jamiyat

DXX IIB xodimlarini pora bilan ushladi

Gulistonda elektr tarmoqlari korxonasi rahbari ham pora bilan bogʻliq vaziyatda qoʻlga tushdi. 

DXX IIB xodimlarini pora bilan ushladi

DXX Sirdaryo va Navoiyda pora olayotgan IIB xodimlarini ushladi. Bu haqda xizmat eʼlon qilgan videolavhada aytiladi.

Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshligʻi 2023 yilning may oyidan 2024 yilning may oyiga qadar ushbu korxonada elektr energiyasi oqimini hisobga olish va nazorat qilish muhandisi vazifasida ishlab kelgan. U savdo faoliyatini olib borishga ixtisoslashgan MChJning elektr energiyasidan 202 mln. 500 ming soʻmlik qarzdorligini tanishlari orqali hisobdan chiqartirib berish evaziga 90 mln. soʻm talab qiladi.

U 2023 yilning iyun-dekabr oylari davomida tadbirkordan jami 78 mln. soʻm oladi, ammo, vaʼdasini ustidan chiqa olmasdan, yaʼni, qarzdorlikni bazadan oʻchirtira olmagan. Natijada barcha olgan pullaridan dastlabki 3 mln. soʻmni uchinchi shaxs orqali qaytarib bergan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi xususiy korxona rahbari oʻzining mansabdor tanishlari orqali, Namangan viloyatining Davlatobod tumanida barpo etilayotgan “Yangi Namangan shaharchasi”ni ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun Kosonsoy shahridagi suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish loyihasini tender savdolarida yutib berish evaziga tadbirkordan 4 mlrd. soʻm talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari ushbu noqonuniy ishga aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.

Navoiy viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining Kiberxavfsizlik boʻlinmasi katta tezkor xodimi Karmana tumanida yashovchi fuqaroning plastik kartasidan 62 mln. soʻm pul mablagʻini noqonuniy yechib olgan shaxslarni aniqlab berish evaziga 600 AQSh dollari talab qiladi.

Bunday holatlarni fosh etish katta tezkor xodimning bevosita xizmat vazifasiga kiradi. IIB xodimi jabrlanuvchidan soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda, Yangiyer shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi katta inspektori probatsiya nazoratida turgan, joriy yilning fevral oyida sud hukmiga asosan JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan shaxsni jazoni Yangiyer shahrida oʻtamaslik, Toshkent shahrida erkin tadbirkorlik faoliyatini olib borishi uchun yordam berish, yashash manzilini tekshirmaslik hamda chora koʻrmaslikka vaʼda qiladi. Buning evaziga Yangiyer shahridan 2 xonali uyni sotib olib, uning nomiga rasmiylashtirib berishini hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mablagʻi berishini talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda katta inspektor 400 AQSh dollari hamda 1 mln. 260 ming soʻmni oʻz xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid