Toshkent viloyatida gaz taʼminoti muhandisi ushlandi
U ishlab chiqarish sexini gaz tarmogʻiga ulashga ruxsat berish uchun 8500 dollar soʻragan.
Jamiyat
10-iyul 2024 yil

Gaz taʼminoti muhandisi pora bilan qoʻlga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, “Oʻrtachirchiq tumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi bosh muhandisi S.S. tumandagi non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sexini gaz tarmogʻiga ulashga ruxsat berish hamda elektron hisoblagich oʻrnatish evaziga 8 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida olgan vaqtda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tuman gaz taʼminoti korxonasi bosh muhandisi S.S. protsessual tartibda ushlandi.
Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.