platina.uz
Jamiyat

DXX poytaxtda bankdan pul oʻmarmoqchi boʻlgan kiberjinoyatchilarni qoʻlga oldi

Bank sobiq xodimi hozirda mutaxassis lavozimida ishlovchi tanishidan bankning dasturiy taʼminoti va hisob raqamlariga kirish imkoniyatini beruvchi kodlarni sotib olgan. 

DXX poytaxtda bankdan pul oʻmarmoqchi boʻlgan kiberjinoyatchilarni qoʻlga oldi

DXX Toshkentda bankdan pul oʻgʻirlamoqchi boʻlgan kiberjinoyatchilarni ushladi.

Xizmatning Toshkent shahar boʻyicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazgan. Unda bank hisob raqamlari hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan pul mablagʻlarini xakerlik hujumi orqali noqonuniy oʻzlashtirishga uringan shaxslarning qilmishlari fosh etildi.

Xususan, Toshkent shahridagi banklardan birining sobiq xodimi hozirgi kunda mazkur bankda mutaxassis lavozimida ishlovchi tanishidan bankning dasturiy taʼminoti va hisob raqamlariga kirish imkoniyatini beruvchi kodlarni 6500 AQSh dollari evaziga sotib oladi.

Soʻngra, u Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1973 y.t., muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlari uchun 3 marotaba sudlangan shaxs hamda Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 1989 y.t. fuqaro bilan oʻzaro til biriktirib, dastlab bank hisob raqamlarida hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan jami 370 mlrd. soʻm mablagʻni xaker jalb qilgan holda oʻgʻirlashni, keyin esa offshor hududlar orqali chet eldagi tanishlariga tegishli hisob raqamlarga oʻtkazishni reja qilishadi.

Qonunbuzarlar 189 mlrd. soʻmni chet el valyutasiga konvertatsiya qilishga va offshor hududlar orqali xorijdagi hisob raqamiga oʻtkazishga uringan vaqtlarida jinoyat ustida qoʻlga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ular goʻyoki bankning dasturiy taʼminotiga chet eldan xakerlik hujumi boʻlganligi toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumot tarqatishni rejalashtirishgan.

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,169-moddasi 4-qismi “a” bandi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid