Oʻzbekistonda olti oyda 3 million tonna koʻmir qazib olindi

Bu yil koʻmir qazib chiqarish oʻtgan yilga nisbatan 1,4 million tonnaga koʻp boʻlib, import hajmi sezilarli qisqarishi kutilmoqda. 

Iqtisod
9-iyul, 20:15
Oʻzbekistonda olti oyda 3 million tonna koʻmir qazib olindi

Oʻzbekistonda oʻtgan 6 oyda qariyb 3 million tonna koʻmir qazib olingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishdi.

Mutasaddilar yil boshida belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan axborot berdi.

 “Shargʻunkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatida mexanizatsiyalashgan yerosti komplekslari toʻliq ishga tushirilib, koʻmir qazib chiqarish bir kecha-kunduzda 3,5 ming tonnaga yetkazilgan.

Ikkinchi yarim yillikda yana 5 million tonnadan ziyod koʻmir qazib olinishi rejalashtirilgan. Shundan 1,8 million tonna issiqlik elektr stansiyalariga, 1 million tonnadan ortigʻi aholiga, 540 ming tonna ijtimoiy muassasalarga yetkazib beriladi, 1,8 million tonna mahalliy koʻmir birja savdolariga chiqariladi.

Umuman, bu yil koʻmir qazib chiqarish oʻtgan yilga nisbatan 1,4 million tonnaga koʻp boʻlib, import hajmi sezilarli qisqaradi.

Tarmoqda qator investitsiya loyihalari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Nishbosh konini oʻzlashtirishga Xitoyning “Henan” kompaniyasi 400 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritishi koʻzda tutilgan. Bu loyiha samarasida yerosti usulida yiliga 8 million tonnagacha koʻmir qazib chiqarish va shundan 5 million tonnasini boyitish rejalashtirilgan.

Yurtimizda kaolinning ham katta zaxirasi mavjud. Hozirda konlarni oʻzlashtirishga jalb qilingan tadbirkorlar tomonidan 396 ming tonna mahsulot qazib olinmoqda. Bu juda kam.

Shu bois 2024-2025 yillarda Geologiya dasturi doirasida 7 ta kon tashabbuskorlarga taklif etiladi va bu orqali qazib olish hajmi 2 million 700 ming tonnaga yetkaziladi.

Toshkent viloyatidagi “Apartak-3” koni negizida Turkiyaning “Bab Energy ve Petrol Urunleri A.S.” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. 15 million dollarlik mazkur loyiha natijasida 40 ta yangi ish oʻrni yaratilib, yiliga 70 ming tonna boyitilgan kaolin tayyorlanadi.

Shu yil 29 aprel kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari sanoat uchun muhim minerallar masalasiga alohida eʼtibor qaratgan edi. Shundan soʻng, bu yoʻnalishga ixtisoslashgan “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Ilmiy va texnologik tadqiqot hamda geologiya-qidiruv ishlariga qaratilgan 40 million dollarlik 34 ta loyiha ishlab chiqildi.

Bu tarmoqqa yetakchi xorijiy kompaniyalar va malakali ekspertlarni jalb qilib, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, oʻtgan oyda Koreya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga tashrifi doirasida “KIGAM” instituti bilan noyob minerallarni izlash, texnologik tadqiqotlar oʻtkazish va raqamlashtirish boʻyicha 10 million dollarlik grant loyihasi yuzasidan kelishuv imzolandi.

Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikdagi umumiy qiymati 800 million dollarlik loyihalarning borishi haqida ham axborot berildi.

Davlat rahbari geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, olingan xomashyolardan qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+