Mirziyoyev Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarini qabul qildi

Uchrashuvda  2026–2030 yillarga moʻljallangan yangi Mamlakat dasturini ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.

Siyosat
9-iyul, 18:00
Mirziyoyev Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungboni qabul qildi.

BMTning ushbu nufuzli instituti bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

XMT bosh direktori Oʻzbekistonning mehnatkashlar huquqlarini taʼminlash, ish oʻrinlarini yaratish va xalqaro konvensiyalarni implementatsiya qilish borasidagi yutuqlariga yuqori baho berdi.

Shu munosabat bilan oʻz tashrifini Oʻzbekiston rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan samarali islohotlarni qoʻllab-quvvatlash ifodasi deb atagan. 

XMT Oʻzbekiston tajribasini xalqaro miqyosda oʻrganish va qoʻllash uchun muvaffaqiyatli model sifatida koʻrayotgani taʼkidlandi. Joriy yilning iyun oyida Oʻzbekiston tashkilotning Maʼmuriy kengashiga saylanishi buning eʼtirofi boʻldi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va XMT oʻrtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Tashkilot koʻmagida Oʻzbekistonda mehnat sohasida 40 dan ortiq normativ hujjat qabul qilindi, 22 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiyalandi.

Ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish boʻyicha, shu jumladan, "Ijtimoiy adolat global koalitsiyasi" doirasida qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida 2026–2030  yillarga moʻljallangan yangi Mamlakat dasturini ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+