Jarimalar miqdorini huquqbuzarlikka mutanosib ravishda oʻzgartirish taklif etildi
Masalan, tonirovka ruxsatnomasi hozirda 2,7 mln soʻm etib belgilangan, ammo jarima miqdori esa bir necha baravar koʻpligicha (8,5 mln soʻm) qolmoqda.

Oʻzbekistonda sodir etilgan huqubuzarliklarni belgilangan jarimalarga mutanosibligini tekshirish taklif etildi.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan maʼmuriy choralar va ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligi oʻrganildi.
Bugungi kunda maʼmuriy jarimalar miqdorini belgilash mexanizmlarining yoʻqligi sodir etilgan huquqbuzarlikka nomutanosib boʻlgan jarima solinishiga sabab boʻlmoqda.
"Masalan, avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirganlik uchun nazarda tutilgan 8,5 mln soʻmlik jarima belgilanganda, ruxsatnomaning narxi 11-13 mln soʻm boʻlgan. Bugungi kunda ruxsatnoma 2,7 mln soʻm etib belgilangan, ammo jarima miqdori esa oʻzgarishsiz qolmoqda" deyiladi xabarda.
Qozogʻistonda avtomobil oynasini qoraytirganlik uchun oʻrnatilgan jarima 468 ming soʻmni, Rossiyada – 60 ming soʻmni, Belarusda – 138 ming soʻmni tashkil qiladi.
Taʼkidlash joizki, fuqarolarning sogʻligʻi va hayoti xavfsizligi bilan bogʻliq qoidabuzarliklar avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirish uchun belgilangan jarimalardan ustuvorlik jihatidan muhimroq hisoblanadi.
Shuningdek, keyingi yillarda yoʻl harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarining buzish oqibatida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisalari, shu jumladan, inson oʻlimiga olib kelayotgan YTHlar soni koʻpayib bormoqda (2023 yilda 9839 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan, shulardan 9209 tasida fuqarolar jabr koʻrgan boʻlib, 2282 tasi odam oʻlimiga sabab boʻlgan).
Fuqarolarning sogʻligʻi va hayoti xavfsizligini taʼminlash maqsadida inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita daxldor boʻlgan YTHlar uchun belgilangan jarimalarni qayta koʻrib chiqish va ogʻirlashtirish zarur (piyodalar yoʻlaklarida transport vositalarida harakatlanish (170 ming soʻm), piyodalar yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtishi (113 ming soʻm).
Maʼlumot uchun: Germaniyada piyodani oʻtkazib yubormaganlik uchun belgilangan jarima miqdori 1,1 mln soʻm, Buyuk Britaniyada – 1,6 mln soʻm, Fransiyada – 1,85 mln soʻm, BAAda – 1,7 mln soʻmni tashkil etadi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator mamlakatlarda (Belarus, Latviya, Qozogʻiston, Rossiya, Germaniya, Italiya) maʼmuriy jazoning alohida turi sifatida "ogohlantirish" instituti joriy qilingan. "Ogohlantirish" jismoniy va yuridik shaxslarning sogʻligʻi, hayoti va mulkiga, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan huquqbuzarliklar uchun qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (23-modda) muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun 7 turdagi maʼmuriy jazo qoʻllanilishi mumkin. Biroq maʼmuriy jazo turi sifatida "ogohlantirish" qoʻllanilmaydi.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
1) joriy maʼmuriy jarimalar miqdorini ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligini tekshirish;
2) fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish masalasini koʻrib chiqish;
3) Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks normalarining korrupsiyaga qarshi kompleks ekspertizasini oʻtkazish;
4) Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga maʼmuriy jazoning alohida turi sifatida "ogohlantirish" institutini kiritish.