Bank xodimi omonat bahonasida fuqarolarni chuv tushirgani maʼlum boʻldi
U uch kishiga yillik 23 foiz ustama vaʼda qilib, pullarini olgan.

Onlayn omonat vaʼda qilgan sobiq bank xodimining firibgarligi fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xiva shahar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda fuqaro J.A. hududiy tijorat bank xizmatlari markazida ishlagan davrida 3 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, yillik 23 foiz ustama toʻlash sharti bilan onlayn omonat qoʻyishini aytib, ularning jami 124,1 mln soʻmini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.
Shu kabi, Xiva shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.R. fuqaro J.Yu.ning ishonchiga kirib, unga hududiy tijorat banki filialidan 1,8 mlrd soʻm imtiyozli kredit olib berishini vaʼda qilib, evaziga 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.




