Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar kengashi norasmiy sammitida qatnashdi

Prezident markazi Nukus shahri boʻlgan Turkiy ekologik kengash tuzishni taklif etdi. 

Siyosat
6-iyul, 16:42
Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar kengashi norasmiy sammitida qatnashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitida qatnashdi

Sammit "Transport, oʻzaro bogʻliqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish" shiori ostida oʻtkazildi. 

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida oʻtgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va TDT Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston rahbari oʻz nutqida ushbu uchrashuv turkiy dunyoning madaniyat poytaxtlaridan biri boʻlgan Shusha shahrida oʻtkazilayotganida chuqur maʼno mujassamligini taʼkidlab, Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabogʻda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholadi.

Oʻtgan qisqa davrda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida 30 dan ortiq muhim yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani alohida taʼkidlandi.

– Ushbu sammitimiz global xavf va xatarlar ortib, oʻzaro ishonch inqirozi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda oʻtmoqda. Bunday murakkab vaziyatda azaliy qardoshlik ruhidan kuch olayotgan aloqalarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishni davrning oʻzi taqozo etmoqda, - dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Turkiy davlatlar oʻrtasida koʻp tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston yetakchisi qator ustuvor masalalarga eʼtibor qaratdi.

Tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida savdo hajmi barqaror oʻsayotgani va oʻtgan yilda 27 foizga oshgani bilan qayd etildi. Bunday yuqori oʻsish surʼatlari joriy yilda ham kuzatilmoqda.

– Mamlakatlarimiz bugungi kunda dunyoning asosiy bozorlariga chiqish hamda Buyuk ipak yoʻlini yangi tarixiy sharoitda qayta tiklash uchun qattiq bel bogʻlagan, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hamkorlikning huquqiy asoslari mustahkamlangani, raqamli tizimlar ishga tushirilgani natijasida Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi orqali yuk tashish hajmi muttasil oʻsib borayotgani taʼkidlandi.

Biznes uchun eng maʼqul tariflarni joriy etish ushbu yoʻlakning raqobatdoshligi va jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, “Yagona oyna” tizimini yoʻlga qoʻyish, bojxona-chegara oʻtkazish punktlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti yaqinda Toshkentda tashkil etilgan Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansini TDTning transport sohasidagi kun tartibini shakllantirish va ustuvor vazifalarini amalga oshirishga keng jalb etish maqsadga muvofiqligini koʻrsatib oʻtdi.

Tashkilot doirasida Temir yoʻl maʼmuriyatlari kengashini tuzish va uning direksiyasini Toshkent shahrida joylashtirish tashabbusi ilgari surildi.

Joriy yil kuzda boʻladigan navbatdagi sammitga qadar xalqaro koridorlar imkoniyatlaridan yanada unumli foydalanish va avtotashuvlarni toʻliq raqamlashtirish, “yashil” yoʻlaklar yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha savdo va transport vazirlariga topshiriq berish taklif etildi.

Mamlakat yetakchisi iqlim oʻzgarishiga qarshi birgalikda kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun Turkiy ekologiya kengashini tuzish va uning bosh qarorgohini ekologik ofatdan eng koʻp zarar koʻrgan hudud – Orolboʻyidagi yirik shahar Nukusda joylashtirish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari turkiy dunyo bugungi kunda iqlim boʻyicha xalqaro hamkorlikda oʻzining baland ovoziga ega boʻlib borayotganini taʼkidladi.

Shu maʼnoda, joriy yilning noyabr oyida Bokuda oʻtkaziladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim sammiti (COP–29) TDT mamlakatlari uchun ulkan tarixiy voqea boʻlishiga ishonch bildirildi.

Muqobil energiya manbalarini rivojlantirish ahamiyati haqida soʻz yuritar ekan, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining energetika balansidagi ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganini maʼlum qildi.

Xususan, xorijiy sheriklar bilan birga yiliga 2 gigavatt quvvatdagi yangi shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda.

– Qoʻshni Qirgʻizistonda gidroelektr stansiyalarini Qozogʻiston bilan birgalikda qurish ishlarini ham boshlayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida “Yashil energetika sari turkiy harakat” konsepsiyasini qabul qilish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari turkiy dunyo umumbashariy sivilizatsiya rivojiga mislsiz hissa qoʻshganini taʼkidladi.

– Nomlarini jahon ahli yaxshi biladigan ulugʻ alloma va ulamolarimiz ikkita buyuk Renessansga asos solishgan. Bu azal-azaldan xalqlarimiz hayotida inson kapitali naqadar yuqori boʻlganidan darak beradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan zamonaviy “bilimlar iqtisodiyoti”ni qurish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalar, blok-cheyn, bulutli, kvant hisoblash texnologiyalari, robototexnika, “toʻrtinchi sanoat” kadrlarini tayyorlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Buning uchun Turkiy davlatlar tashkilotining Inson kapitalini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, Prezidentimiz tashkilot shafeligida aniq fanlar boʻyicha Yoshlar turkiy olimpiadasi va Butunjahon turkshunoslar kongressini kelgusi yili Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilganlar eʼtiborini Gʻazo sektorida murakkab vaziyat yuzaga kelib, qonli urush 40 mingga yaqin aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar hayotiga zomin boʻlganiga qaratdi. Tomonlarni zoʻravonliklarni zudlik bilan toʻxtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqirdi.

Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni taʼminlashning eng asosiy sharti ekani qayd etildi.

Mamlakatimiz yetakchisi koʻp millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afgʻonistondagi vaziyatga toʻxtalar ekan, ushbu masala boʻyicha tashkilot aʼzolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish muhimligini alohida taʼkidladi.

– Oʻzbekiston afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatishni bundan buyon ham davom ettiradi. Afgʻonistonning xorijdagi “muzlatilgan” moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sammit yakunida Qorabogʻ deklaratsiyasi hamda hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qator kelishuvlar qabul qilindi. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+