Turkiya termasi himoyachisi Merik Demiral ikki oʻyinga chetlatildi
U Avstriya qarshi oʻyinda "Kulrang boʻrilar" guruhining ishorasini koʻrsatgani bunga sabab boʻlgan. Oʻyinda futbolchi dublga erishdi.
Turkiya termasi himoyachisi Merik Demiral oʻta oʻng qanotdagi "Kulrang boʻrilar" guruhining ishorasini koʻrsatgani uchun Yevropa chempionatining navbatdagi ikki oʻyinini oʻtkazib yuboradi.
UYeFA bu qarorni 5 iyul kuni eʼlon qildi.
Demiral Avstriya terma jamoasi ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng ushbu belgini koʻrsatgan.
Endi Merix Demiral 6 iyul kuni Niderlandiyaga qarshi chorak finalda ishtirok eta olmaydi. Agar Turkiya bu oʻyinda gʻalaba qozonsa, 26 yoshli futbolchi Yevropa chempionati yarim finalini ham oʻtkazib yuboradi.
Demiral "umumiy qabul qilingan xulq-atvor tamoyillarini, odob-axloqning asosiy qoidalarini buzdi, sport musobaqalaridan sportga xos boʻlmagan gaplarni aytish uchun ishlatdi va futbol obroʻsiga putur yetkazdi", deyiladi UYeFA bayonotida.
2 iyul kuni Turkiya milliy terma jamoasining Avstriya terma jamoasiga qarshi oʻyinda Merix Demiral 57-sekundda raqib darvozasini ishgʻol qildi. Bu gol Yevropa chempionatlari pley-offi tarixidagi eng tezkor gol boʻldi.
59-daqiqada Demiral yana avstriyaliklar darvozasini ishgʻol qildi. Natijada Turkiya Avstriyani 2:1 hisobida magʻlub etdi va Yevro-2024 chorak finaliga chiqdi.
Futbolchining oʻzi keyinchalik "kulrang boʻrilar"ning ishorasini gʻalabadan quvonish va oʻz mamlakati bilan faxrlanish bilan izohladi. Turkiyada "Kulrang boʻrilar" manfaatlarini oʻta oʻngchi Millatchi Harakat partiyasi (MHP) himoya qiladi. Germaniyada bu guruh ham, uning imo-ishorasi ham taqiqlangan emas, ammo "kulrang boʻrilar" Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi nazorati ostida.
Berlindagi Olimpiya stadionida boʻlib oʻtadigan Niderlandiyaga qarshi oʻyinga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon tashrif buyurishi kutilmoqda.