Toshkentda intelektual oʻyinlar binosi uchun 36 milliard soʻmdan oshiq pul ajratilmoqda
OITSga qarshi kurashish markazi laboratoriyasini jihozlashga esa bir milliard soʻmdan oshiq beriladi.

Toshkentning Mirzo Ulugʻbek tumanida "Yangi Oʻzbekiston" bogʻiga tutash hududda intelektual oʻyinlar binosini qurish ishlari uchun 36 mlrd. 264 mln. soʻm mablagʻ ajratiladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarorida maʼlum qilingan.
Bundan tashqari mahalliy byudjetning 2024 yil davomida shakllangan mablagʻlari hisobidan Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan Alisherobod, Chingeldi va Barkamol nasos stansiyalariga 4 dona zamonaviy energiya tejamkor nasos agregatlarini oʻrnatish harajatlari uchun 400 mln. soʻm, Mirzo Ulugʻbek vorislari tanlovi gʻoliblarini taqdirlash uchun 68 mln. soʻm berilishi koʻzda tutilgan.
OITS kasalligiga qarshi kurashish uchun profilaktika tadbirlariga 155 million soʻm, Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish laboratoriyasini jihozlash xarajatlari uchun 1 mlrd. 83 mln. soʻm mablagʻ ajratiladi. Toshkent shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasini rekonstruksiya qilish uchun 2,9 mlrd. soʻm berilishi koʻzda tutilgan.
"Yagona buyurtmachi xizmati" kompaniyasi buyurtmachiligida Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlar qarzdorligini yopish uchun 17 mlrd. 833 mln. soʻm mablagʻ sarflanadi. Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi, Pensiya jamgʻarmasi va Gʻaznachilik xizmati boshqarmasiga server sotib olish xarajatlari uchun 701 mln. soʻm beriladi.
Toshkent shahar hokimi koʻrsatib oʻtilgan xarajatlar uchun mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalaridan pul ajratish boʻyicha qarorlar qabul qiladi.