Shavkat Mirziyoyev Shusha shahriga yetib bordi

Turkiy davlatlar rahbarlari shaharda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ushbu shahar 2023 yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan.

Siyosat
5-iyul, 21:54
Shavkat Mirziyoyev Shusha shahriga yetib bordi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Shusha shahriga keldi.

Davlat rahbarini bu yerda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev kutib oldi.

TDT ishtirokchi mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari Ozarbayjon yetakchisi hamrohligida Shusha shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Shusha “Qorabogʻ durdonasi”, “Kavkaz sanʼati markazi” va “ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan maʼlum. Shahar bir qator taniqli fan, madaniyat va sanʼat arboblari vatanidir. 2021 yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hisoblanadi, 2023 yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan.

Joriy yilda Xiva shahri va Shusha shahri oʻrtasida birodarlik aloqalari oʻrnatildi.

Oliy martabali mehmonlar Shushada oʻttiz ikki yil ichida birinchi marta qurilgan turar joy majmuasiga tashrif buyurdilar. 23 ta binodan iborat uy-joy majmuasining umumiy maydoni qariyb 8 gektarni tashkil etadi.

Soʻng yetakchilar 2021 yilda tamal toshi qoʻyilgan yangi zamonaviy masjid loyihasi va uni barpo etish jarayoni bilan tanishdilar.

Ozarbayjon rahbari mehmonlarga shahar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida soʻzlab berdi.

Prezidentlar, shuningdek, XIX asrda Shushada qurilgan birinchi masjid – Gavhar Ogʻa masjidini ziyorat qildilar. Mehmonlar bu yerda amalga oshirilgan restavratsiya ishlarining natijalariga yuqori baho berdi.

Oʻzbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi davom etmoqda. TDT norasmiy sammitining asosiy tadbirlari ertaga, 6 iyul kuni boʻlib oʻtadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+