Elektrni ortiqcha hisoblash holatlari yuzasidan oʻrganish boshlandi
Raqobat qoʻmitasi mazkur holatlar yuzasidan tezkor ishchi guruh tuzgan.

Raqobat qoʻmitasi elektr hisoblagichlarning ortiqcha pul hisoblashi ortidan choralar koʻrilishini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda hisoblagichlarning elektr quvvatini ortiqcha hisoblayotganligi va bu qoʻshimcha xarajatlarga sabab boʻlayotganligi yuzasidan isteʼmolchilar tomonidan murojaatlar tarqalgan. Bu keng jamoatchilikning eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Mazkur holatlarni joylarga chiqqan holatda oʻrganib, muammolarni hal etish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan tezkor ishchi guruh tashkil etildi.
Ishchi guruh tarkibiga Raqobat qoʻmitasi bilan birgalikda, "Oʻzenergoinspeksiya", Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJ vakillari jalb qilingan.
Ushbu holatlarni oʻrganish davomida aniqlanadigan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qonuniy choralar koʻrilishi taʼminlanadi.