Shushada Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti oʻtkaziladi
Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻon ushbu tadbirda ishtirok eta olmaydi. U Turkiya-Niderlandiya futbol uchrashuviga borishi kutilmoqda.

Turkiy davlatlar tashkilotining Shusha sammiti oʻtkaziladigan sana va dasturi eʼlon qilindi.
Tashkilot matbuot xizmati xabariga koʻra, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tashabbusi bilan tashkil etilgan sammit 5-6 iyul kunlari Shusha shahrida boʻlib oʻtadi.
Tadbirda ishtirokchi davlatlar – Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston rahbarlari ishtirok etadi. Ular bilan birga kuzatuvchi davlatlar rahbarlari va tashkilot Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Ammo maʼlumotlarga koʻra, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon tadbirlarda qatnasha olmaydi. Turkiya rahbari Germaniyada mamlakat terma jamoasining Niderlandiya bilan uchrashuvini tomosha qilish uchun borishi kutilyapti.
"Transport aloqasi va iqlim boʻyicha harakatlar orqali barqaror kelajakni qurish" mavzusidagi sammit tashkilotning asosiy masalalari va kun tartibi boʻyicha yuqori darajadagi muhokamalar uchun platforma boʻlib xizmat qiladi.
Sammit yakunlari boʻyicha Qorabogʻ deklaratsiyasi hamda boshqa bir qator muhim hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.