15 mlrd. soʻmdan oshiq davlat xaridlarida qonun buzilishi aniqlandi
Qonun buzilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim fan va innovatsiya vazirligi tizimidagi tashkilotlar oʻtkazgan tanlov savdolari bilan bogʻliq.
Raqobat qoʻmitasi Qoraqalpogʻistonda 15 milliard soʻmlik davlat xaridlarida qonun buzilishini aniqladi.
Qoraqalpogʻiston Raqobat qoʻmitasi tomonidan 2024-yil 1-choragi davomida maxsus axborot portalidagi maʼlumotlarga asosan davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan xaridlarda qonun talablariga rioya qilinganligi yuzasidan oʻrganish ishlari oʻtkazilgan.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim fan va innovatsiya vazirligi tizimidagi tashkilotlari tomonidan oʻtkazilgan tanlov savdolari boʻyicha oʻrganishlar tashkil etildi. Jami 21 ta holatda umumiy qiymati 15 074 300.0 ming soʻmlik boʻlgan tegishli platformalar orqali amalga oshirilgan davlat xaridlari oʻrganildi.
Davlat xaridlari tanlovlarining baʼzilarida ishtirokchilarga qoʻyilayotgan malaka talablarini baholash mezonlari ishlab chiqilmagan, ayrimlarida ishlab chiqilgan mezonlarda qanday holatda yuqori yoki past ball qoʻyish boʻyicha aniq tartib belgilanmagan, natijada xarid komissiyasi aʼzolari tomonidan ishtirokchilarga asoslantirilmagan baholar qoʻyilgan va xarid hujjatlariga muvofiq takliflarni baholash talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi holatlari aniqlandi.
Misol uchun:
– Oliy taʼlim muassasalari tomonidan 16 ta holatda oʻtkazilgan tanlovlarda jami 14 029 500.0 ming soʻmlik;
– Kasb-hunar maktablarida 3 ta holatda oʻtkazilgan tanlovlarda jami 685 000.0 ming soʻmlik;
– Akademik litseylarda 2 ta oʻtkazilgan tanlovlarda 359 800.0 ming soʻmlik oʻtkazilgan tanlovlar oʻrganib chiqilgan.
Ushbu oʻrganishlar davomida, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 20, 46 moddalari talablari buzilganligi aniqlandi.
Oʻrganish natijalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Raqobat qoʻmitasi tomonidan begilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berilib tegishlicha choralar koʻrildi.
Avvalroq 8 milliard soʻmdan ziyod qonunga zid davlat xaridlari aniqlangandi.