Yoʻllardagi ruxsatnomasiz qurilish va taʼmirlash ishlari haqida xabar berganlarga mukofot beriladi
2024 yil 1 sentabrdan yoʻllar va yoʻl infratuzilmasi boʻyicha bir qator yangi tartiblar joriy etiladi.

Yoʻllardagi noqonuniy qurilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha xabar bergan mukofotlanadi.
“Yoʻllar va yoʻl infratuzilmasining yaxshi holatda saqlanishini taʼminlash hamda hududlarni obodonlashtirish boʻyicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-241-son, 01.07.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2024 yil 1 sentabrdan quyidagi tartiblar joriy etiladi:
-jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yoʻllar, trotuarlar va boshqa yoʻl infratuzilmasi obʼektlarida qurilish ishlarini olib borish, yoʻl obʼektini har qanday koʻrinishda taʼmirlash, buzish, qazish, oʻzgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqatgina tegishli ruxsatnoma olingandan soʻng amalga oshiriladi;
-ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish boʻyicha davlat xizmatlari davlat xizmatlari markazlari hamda YaIDXP (my.gov.uz) orqali 5 kun muddatda koʻrsatiladi;
-ruxsatnoma yoʻl obʼektini balansida saqlovchi viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklari yoxud boshqa tashkilotlar tomonidan, kommunikatsiya tarmoqlaridagi avariya bilan bogʻliq yoki boshqa kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda esa tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladi;
-ruxsatnomada yoʻl obʼektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish huquqi berilgan shaxs, qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishning maqsadi va muddati, ruxsatnomaning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi QR-kod, shuningdek, ushbu muddat ichida yoʻl obʼektining avvalgi holatini tiklamaslik tegishli maʼmuriy va fuqaroviy javobgarlikka sabab boʻlishi haqida ogohlantirish koʻrsatiladi;
- yoʻl obʼektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish vaqtida ruxsatnoma hamma uchun koʻrinadigan joyga ilib qoʻyilishi yoki har qanday shaxsning birinchi talabiga koʻra taqdim etilishi shart hisoblanadi;
-ruxsatnoma olmasdan turib yoʻl obʼektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, qurilish va taʼmirlash ishlari maydonida belgilangan tartibda ruxsatnomani ilib qoʻymaslik yoki taqdim etmaslik, qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotgan joyda xavfsizlik choralarini koʻrmaslik, shuningdek, qurilish va taʼmirlash ishlari yakunlangandan soʻng yoʻl obʼektining avvalgi holatini tiklash boʻyicha majburiyatni bajarmaslik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Qarorga koʻra, ruxsatnoma olmasdan yoʻl obʼektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirganlik yoki yoʻl obʼektining avvalgi holatini tiklash boʻyicha majburiyatni bajarmaslik holati boʻyicha huquqbuzarlik aniqlanishiga faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning 50 foizi miqdorida mukofot puli beriladi.
Hududlar qiyofasini yaxshilash maqsadida eksperiment tariqasida 2024 yil 1 sentabrdan 2025 yil 1 sentabrgacha joylardagi hokimlar belgilab beradigan muayyan hududda quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
-fuqarolar va yuridik shaxslarning ularga tegishli bino va inshootga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi masʼuliyati OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali har bir mahallada mahalla raislari tomonidan tushuntirilishini tashkil qilish;
-koʻp qavatli uylar hovlisi va atrofi, yoʻl hamda koʻcha chetlarining obodonlashtirilgan namunaviy koʻrinishini tasdiqlash;
- yoʻl va koʻcha chetlaridagi boʻsh yerlarni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha dastur tasdiqlash.