Prezident maktablariga kirish imtihonlari 7 iyuldan boshlanadi
Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablari uchun kirish imtihonlari vaqti ham aniq boʻldi.

Prezident maktablarining kirish imtihonlari birinchi bosqichi 7 iyul kuni boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar berdi.
Imtihon vaqti va manzili haqidagi maʼlumot talabgor tomonidan ariza.piima.uz saytiga kiritilgan telefon raqamlariga sms-xabarnoma orqali maʼlum qilinadi.
Prezident maktablariga kirish imtihonlari birinchi bosqichi Matematika fanidan 30 ta topshiriq (test shaklida) oʻtkaziladi.
Talabgorlarga topshiriqlarni bajarish uchun 60 daqiqa vaqt beriladi.
Joriy yilning 8-, 9-, 10 iyul kuni Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablari uchun kirish imtihonlari oʻtkaziladi.
Bu yil har yilgidan farqli ravishda hududlardan hujjat topshirgan talabgorlar uchun kirish imtihonlari oʻz hududlarida – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida boʻlib oʻtadi. Yaʼni hududlardan mazkur maktablarga hujjat topshirgan oʻquvchilarning imtihonda qatnashishi uchun Toshkent shahriga kelishlari talab etilmaydi.
Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi hamda mazkur maktabning Nukus shahri, Andijon va Samarqand viloyatlaridagi filiallari uchun kirish imtihoni bir vaqtda boʻlib oʻtadi.
Talabgorlarga topshiriqlarni bajarish uchun 90 daqiqa vaqt beriladi.