Oʻzbekistonni Qozogʻiston bilan bogʻlovchi yashirin tunnel aniqlandi
Uning uzunligi 310 metrni tashkil etib, Hindistondan keltirilgan noqonuniy dori vositalarini olib oʻtish maqsadida foydalanilgan.

Toshkent viloyatining Qozogʻiston bilan chegara hududida noqonuniy yerosti yoʻli (tunnel) aniqlandi. DXX xabariga koʻra, u yerdan Hindistonda ishlab chiqarilgan 1 mlrd. soʻmlik dori vositalari olindi.
DXX xodimlari tomonidan Chegara qoʻshinlari va "Toshkent-Aero" IBK harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Hindistondan Qozogʻiston orqali mamlakatimizga katta miqdordagi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy olib kelish bilan shugʻullangan transchegaraviy jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.
Xususan, jinoiy guruh tomonidan navbatdagi dori vositalari "Dehli-Toshkent-Olmaota" aviayoʻnalishi orqali tranzit tarzda "Olmaota" xalqaro aeroportiga olib kelinib, Qozogʻistonning Turkiston viloyati Sariyogʻoch tumani "Doʻstlik" aholi yashash punktiga yetkazilgan va yashirin yerosti yoʻli orqali Toshkent viloyatining Toshkent tumani "Oʻrikzor" MFY hududiga oʻtkazilgan.
Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh aʼzolaridan jami 1 mlrd. 94 mln. 342 ming soʻmlik, Hindistonda ishlab chiqarilgan Albumin, Remdesivir, Meropenem kabi jami 107 nomdagi 17048 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Taʼkidlash lozimki, 1975 y.t. fuqaroning Toshkent tumani "Oʻrikzor" MFYdagi uyini Qozogʻistonning Sariyogʻoch tumani «Doʻstlik» aholi yashash punkti bilan bogʻlovchi yerosti yoʻlining uzunligi 310 metrni tashkil etadi.
Yerosti yoʻli havo ventilyatsiyasi, yoritish tizimi, yuklarni tashishga moʻljallangan aravalar va arqonlar bilan jihozlangan.
Hozirda holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.




