“Yagona buyurtmachi xizmati” nazoratchisi bilan til biriktirgan tadbirkor qamaldi
Tadbirkor ixtisoslashtirilgan maktabni taʼmirlash uchun ajratilgan pullarni oʻzlashtirgan.

Toshkent viloyati, jinoyat ishlari boʻyicha Angren shahar sudida oʻziga ishonib topshirilgan oʻzganing juda koʻp miqdordagi mulkini oʻzlashtirishda ayblangan tadbirkorga hukm oʻqildi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Sudlanuvchi A.N. “Angren Flourishing” MChJ rahbari lavozimida ishlab kelib, Toshkent viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK texnik nazoratchisi M.O. bilan oldindan til biriktirgan. Ular 7.631.115.554 soʻm miqdorida pudrat shartnomasini rasmiylashtirib, shartnomaga asosan “Angren shahridagi davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatini Prezident taʼlim muassasalari tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktabga moslashtirib rekonstruksiya qilish” ishlari yuzasidan 7.583.397.894 soʻm miqdordagi qurilish montaj ishlari bajarilgani boʻyicha dalolatnoma tayyorlashgan.
Lekin tekshiruvlarda 7.122.585.992 soʻm ish turlari bajarilgan boʻlib, 460.811.902 soʻm miqdoridagi bajarilmagan ish turlari qoʻshib yozilib, byudjet mablagʻlarini juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilingani maʼlum boʻlgan.
Sudlanuvchi A.N. oʻzining harakatlari bilan Jinoyat kodeksi 167- moddasi 3-qismining “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatni qasddan sodir etgan. U oʻzi foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan rasmiy hujjatlarni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib tayyorlab, hujjatlarni qalbakilashtirgan va hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalangan.
Yakuniy hukmga koʻra, N.A.ga 3 yil 5 oy 29 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirildi. Bunda uning avval ushlab turilgan kunlari ham hisoblandi. Sud hukmidan keyin sudlanuvchiga nisbatan qoʻllanilgan garov ehtiyot chorasi bekor qilindi va 6.813.600 soʻm pullari qaytarilishi belgilandi.