Boʻka, Taxiatosh va Boʻston tumani hokimi oʻrinbosarlari qoʻlga olindi
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Boʻka tumani boʻlimi boshligʻi ham pora bilan ushlangan.

DXX tomonidan oʻtkazilgan tadbirlarda Taxiatosh, Boʻston va Boʻka tumanlari hokimlari oʻrinbosarlari pora bilan ushlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari hokimlik balansida boʻlgan va rejaviy buzilishga tushgan uyni mahalliy fuqaroga buzish ishlarini olib borish hamda buzish davomida chiqqan materiallardan oʻz xohishiga koʻra foydalanish (sotish) vakolatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 35 mln. soʻm talab qiladi.
Hokim oʻrinbosari soʻralgan pul mablagʻidan 32 mln. soʻmni oʻzining xizmat xonasida olgan vaqtida DXX tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Andijon viloyati Boʻston tumani fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi ham pora bilan qoʻlga tushdi. U oʻzining nomida boʻlgan va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik tasarrufidagi 10 gektar yer maydonini eksportbop mahsulotlar yetishtiriluvchi yer toifasiga oʻzgartirib, shuningdek, bu haqida tuman hokimining ekin maydonlarini joylashtirish toʻgʻrisidagi qarorini chiqartirib, uni kavrak oʻsimligi yetishtirmoqchi boʻlgan tadbirkorga 3 yilga foydalanishga berish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, kengash raisi avans sifatida olgan pul mablagʻini Boʻston tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosariga berishi kerakligi maʼlum boʻlib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda ushbu mansabdor shaxs ham 10 ming AQSh dollarini oʻzining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda esa, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Boʻka tumani boʻlimi boshligʻi 2022 yilda qurilgan koʻp qavatli uy uchun “Qurilishi tugallangan obʼektni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida davlat qabul qilish dalolatnomasi”ni tasdiqlatib berish evaziga 2500 AQSh dollari talab qiladi.
DXXning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, uning topshirigʻiga koʻra, talab qilingan pul mablagʻini olgan vaqtida tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, Boʻka tumani favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi 1200 AQSh dollarini Boʻka tumani hokimining qurilish, kommunikatsiya, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosariga berishi kerakligi maʼlum boʻlib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda mazkur mansabdor shaxs ushbu pul mablagʻini oʻzining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlandi.
Uch holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismining tegishli bandlari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.