BMT Xavfsizlik kengashi raisligi Rossiyaga oʻtdi
Rossiya raisligida uch muhim tadbir rejalashtirilgan, ular orasida Falastin masalasi ham bor.

Joriy yilning 1 iyulidan BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik bir oy muddatga Rossiyaga oʻtdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi shu haqda xabar qilgan.
Vazirlik bayonotida keltirilganidek, bu Rossiyaga BMT Nizomiga muvofiq xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga samarali choralar koʻrish uchun asosiy masʼuliyat yuklaydi.
Rossiya raisligidagi asosiy tadbirlar iyul oyi oʻrtalarida boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Bu davrda uchta markaziy tadbir rejalashtirilgan.
Jumladan, 16 iyulda – “Adolatli, demokratik va barqaror dunyo tartibotini yaratish manfaatlari yoʻlida koʻp tomonlama hamkorlik” mavzusida vazirlar darajasida ochiq munozara oʻtkaziladi.
17 iyulda - Yaqin Sharqdagi vaziyat, shu jumladan Falastin masalasi boʻyicha vazirlar darajasida ochiq munozara rejalashtirilgan.
19 iyulda esa Xavfsizlik Kengashida BMTning KXShT, MDH va ShHT bilan hamkorligi boʻyicha munozaralar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Taʼkidlash kerak, dastlabki ikki tadbirga Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov raislik qiladi.
Umuman olganda, Kengashning ish dasturi juda boy. Mandat-hisobot sikli doirasida Haiti, Kongo Demokratik Respublikasi, Gʻarbiy Afrika va Sohiliy mintaqasi, Yaman, Kipr, Kolumbiya, Livan va Suriyadagi vaziyat, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi faoliyatiga bagʻishlangan majlislar oʻtkaziladi.
Shu bilan birga, BMTning Haitidagi Birlashgan vakilligi hamda BMTning Hudey boʻyicha kelishuvlarini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha missiyasi mandatlarini va Xavfsizlik Kengashining Markaziy Afrika Respublikasiga nisbatan sanksiya rejimining vakolatlarini uzaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashining Gʻazo sektori uchun gumanitar mexanizmi toʻgʻrisidagi 2720-sonli rezolyutsiyasi ijrosi yuzasidan BMTning Gʻazo sektoridagi gumanitar masalalar va qayta qurish boʻyicha katta koordinatori S.Kaag ishtirokida muhokamalar ham kun tartibidan oʻrin olgan.