platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi bilan uchrashuv oʻtkazdi

Oʻzbekiston va BMT oʻrtasida 140 dan oshiq loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi bilan uchrashuv oʻtkazdi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyul kuni Koʻksaroy qarorgohida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlat rahbariga Oʻzbekistonga kelish taklifi va koʻrsatilayotgan samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, davlat rahbari A.Guterrishning respublikamizga bu galgi, ikkinchi tashrifi "Oʻzbekiston-2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar BMT tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotganining tasdigʻi ekanini taʼkidladi.

Muzokaralar chogʻida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash, Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi.

140 ta qoʻshma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarning oʻzida Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Yil boshidan buyon BMT Bosh kotibining beshta oʻrinbosari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Oʻtgan oyda Oʻzbekiston Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Maʼmuriy kengashiga saylandi. Oʻzbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzosi boʻldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi – Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha xalqaro jamgʻarmaning vakolatxonasi ish boshladi.

Birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambagʻallik va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish hamda bioxilma-xillikni muhofaza qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazilmoqda. Kelgusi yilda Samarqandda YuNESKOning 43-bosh konferensiyasi boʻlib oʻtadi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. Davlat rahbari Bosh kotibning xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, BMT va uning asosiy organlarini isloh qilish hamda joriy yilda Nyu-York shahrida Kelajak sammitini oʻtkazish tashabbuslarini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Mintaqada transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish, oziq-ovqat, energetika va axborot xavfsizligini taʼminlash sohasida hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.

Afgʻonistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afgʻon xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida 2026-2030 yillarda Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid