Iyul oyi uchun taxminiy ob-havo eʼlon qilindi
Bu yilgi iyul oyi nisbatan qulay va iliq ob-havo bilan boshlanadi.

Gidrometeorologiya xizmati iyul oyida kutilayotgan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.
Sinoptiklarning progonozlariga koʻra, bu yil iyul oyi qulay sharoitlardan boshlanadi. 1-3 iyul kunlari havo harorati +31...+36 daraja atrofida, janubda +38...+40 darajagacha boʻladi.
Iyul oyi harorat tartibi boʻyicha meʼyorga yaqin boʻlishi kutilmoqda. Oyning katta qismida havo harorati +35...+40 daraja atrofida, janubda va choʻl hududlarda +40...+43 daraja boʻladi. Faqat ayrim kunlarda harorat bu qiymatlardan +2...+3 darajaga yuqori boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston hududining katta qismida oʻrtacha +40 daraja va undan yuqori haroratli iyul oyida juda issiq kunlar soni 2 kundan 5 kungachani, shimolda 6-8 kunni, janubda va choʻl hududlarda 12-15 kunni tashkil etadi. Soʻnggi yillarda bunday issiq kunlar sonining koʻpayishi tendensiyasi kuzatilmoqda.
Harorat rekordlari va ularga yaqin qiymatlar juda kamdan kam hollarda faqat eng issiq iyul oylarida kuzatiladigan alohida holatlardir. Iyul oyida oʻrtacha koʻp yillik davr uchun hududning katta qismida 1-2 kun, baʼzi joylarda 3-4 kungacha yomgʻir yogʻishi kuzatiladi. Odatda, iyul yomgʻirlari mahalliy xususiyatga ega boʻlib, juda qisqa boʻladi.
Fargʻona vodiysi va respublikaning togʻli hududlarida yomgʻir koʻproq – oyda oʻrtacha 6-9 kungacha yogʻadi. Bu hududlarda iyul oyida ham sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi kuzatiladi.