Nega Isroil HAMASni magʻlub eta olmayapti?

Ular yahudiy askarlarini mazlum, madaniyatli va musichadek beozor, falastinliklarni esa tish-tirnogʻigacha qurollangan, Isroilga zarar yetkazishdan boshqa maqsadi yoʻq vahshiy, johil hamda madaniyatsiz olomon qilib koʻrsatgan.

Tahlil
30-iyun, 9:52
Nega Isroil HAMASni magʻlub eta olmayapti?

Isroil harbiy rahbariyatida Gʻazoni bosib olish amaliyoti borasida bir qadar tushkunlik kuzatilmoqda.

Jumladan, shu hafta boshida Isroil milliy xavfsizlik kengashi boshligʻi Saxi Hanegbi HAMASni mafkura sifatida yoʻq qilib boʻlmasligini tan oldi.

Lekin aynan shu mansabdor shaxs HAMASning 2023 yil 7 oktabrdagi hujumidan bir necha kun avval "Falastin islomiy guruhi HAMAS bizdan qoʻrqadi va Isroilning unga bosimi qaltis harakatlardan toʻxtatib turadi", deya isroilliklarni tinchlantiruvchi bayonot bergan edi. Isroil OAV endi bu bayonotni "Yahudiy davlatining hushyorligini soʻndirgan va chalgʻituvchi bayonot boʻlgan" deya qoralamoqda.

Armiya ikkilanmoqda

Isroil elitasi orasida HAMAS kurashining gʻalaba bilan tugashiga ochiq shubha bildirayotgan birgina Saxi Hanegbi emas. 

Joriy yilning 15 may kuni Isromil armiyasi – SAXALning sobiq generali Itsxak Brik ham Isroil HAMASni yenga olmaydi, deya mulohaza bildirdi.

"SAXAL hatto uzoq muddatga choʻziluvchi jangovar harakatlar sharoitida ham HAMAS harakatini yoʻq qila olmaydi. Yahudiy armiyasining Gʻazo sektori janubidagi Rafah shahridagi harbiy amaliyoti esa Isroil tobutiga qoqiluvchi oxirgi mix boʻladi", degan sobiq SAXAL mulozimi. 

Brik Gʻazo sektoridagi harbiy harakatlarning samara berishiga shubha qilgan, bu harakatlar davom etsa, armiyaning ogʻir talafotlariga, iqtisodiy inqiroz, xalqaro munosabatlarning battar yomonlashuvi va Isroil ichida ijtimoiy boʻlinishga olib kelishi haqida ogohlantirgan. 

Yaqinda esa SAXAL matbuot kotibi Daniel Hagari "HAMAS – bu mafkura, uni qurolli yoʻl bilan yoʻq qilib boʻlmaydi”, dedi. Hagarining bu gaplari Isroil parlamenti Knesset deputatlarining gʻazabini keltirdi. Ular nima boʻlganda ham armiya oʻz ishini davom ettirishi va HAMASni yoʻq qilishi lozimligini uqdirishdi.

Darhaqiqat, yahudiy askarlari deyarli 9 oydan beri barcha qonunlar, insoniylik hamda axloq meʼyorlarini oyoqosti qilgan holda falastin xalqiga genotsidni davom etayotgan boʻlsa-da, arzirli muvaffaqiyat qozonilgani yoʻq. Toʻgʻri, ayrim HAMAS rahbarlari va ularning oila aʼzolari yoʻq qilindi. 50 mingga yaqin tinch aholi oʻldirildi. Gʻazo sektori yer bilan tekislab tashlandi. Barcha aholi Rafah shahri hududiga siqib chiqarildi. Biroq HAMAS garovga olgan isroilliklarning aksariyati hamon ozod etilmadi. HAMAS bilan bilvosita muzokaralar natijasida ixtiyoriy ravishda ozod qilingan ayrim shaxslar bundan mustasno, albatta.

Shu yilning 8 iyunida SAXAL AQSh razvedkasi va askarlari yordamida garovdagilarni zoʻrlik bilan ozod qilish amaliyoti ham harbiy jihatdan bejirim deb boʻlmaydi. 4 kishi qutqarilgani evaziga 210 falastinlik tinch aholi oʻldirildi, 400 ga yaqini yarador qilindi. 

Xoʻsh, nega AQSh va Gʻarbning tinimsiz harbiy-texnikaviy, moliyaviy, siyosiy yordamiga qaramasdan, ogʻiz koʻpirib maqtalgan Isroil harbiylari va maxsus xizmatlari ijobiy natijalarga erisha olmayapti?

Buning bir necha omillari mavjud:

Xalqaro axborot maydonidagi magʻlubiyat

Shu paytgacha yahudiy askarlarining Falastindagi harbiy amaliyotlarini faqat Gʻarb mediasi yoritgan. Tabiiyki, ular xolislik tarozisini chetga surib qoʻyib, yahudiy askarlarini mazlum, madaniyatli va musichadek beozor, falastinliklarni esa tish-tirnogʻigacha qurollangan, Isroilga zarar yetkazishdan boshqa maqsadi yoʻq vahshiy, johil hamda madaniyatsiz olomon qilib koʻrsatgan. Barchani bu sunʼiy imijlarga ishontirishga muvaffaq boʻlgan. Yahudiy askarlarining har qanday qotilligi yoki ommaviy qirgʻinlari – oʻzini himoya qilish, deya oqlangan.

Biroq aynan Gʻarb yaratgan internet va ijtimoiy tarmoqlar endi Falastindagi asl vaziyat, Yahudiy davlatining asl basharasini fosh qilib qoʻymoqda. Chunki hozirgi ijtimoiy tarmoqlarda hech kim axborot oqimini toʻla senzura qilib, cheklay olmaydi. Har bir inson jurnalist boʻla olishi va har bir voqea bir zumda barchaning qulogʻiga yetib borishi mumkin. Buning natijasida ijtimoiy fikr muvozanati falastinliklar foydasiga siljigan. Yahudiy davlati askarlarining oʻzlari ham Gʻazo sektoridagi noinsoniy qiliqlarini videotasvirga olib, maqtanish uchun internetga joylamoqda. Masalan, yaqinda Isroil askarlarining bir falastinlik uyiga bostirib kirgani, uyda yolgʻiz oʻtirgan keksa ayolni itga talatishgani aks etgan tasvirlar tarqaldi. Bunga oʻxshash, shuningdek, diniy va milliy tuygʻular toptalgan tasvirlar Isroilga nisbatan hamdardlik uygʻotmaydi albatta. 

Xalqaro munosabatlar maydonidagi magʻlubiyat

Falastin muammosi borasida jahonda shu paytgacha “olomon effekti” hukmron edi. Sodda qilib tushuntirganda, "dunyoning qudratli va madaniyatli davlatlari Isroilni qoʻllayapti, demak, biz ham shunday yoʻl tutishimiz" kerak degan fikr hukmron edi. Biroq yahudiy askarlarining falastinliklarni pashshadek qirayotgani, qilayotgan vahshiyliklari jahon afkor ommasini Isroil davlatining "til va qoʻl tekkizib boʻlmas" imijini, yahudiylar hukmron media va kinokompaniyalar yaratgan "mazlum, ezilgan va beozor yahudiy xalqi" obrazining haqqoniyligini shubha ostiga qoʻydi. Natijada 2024 yilning ayni davrigacha 9 ta davlat Falastinni tan oldi va bunday davlatlar soni 147 ga yetdi. Isroilning qonxoʻrliklarini tanqid qiluvchi davlatlar, tashkilotlar va mashhur shaxslar kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Yahudiy lobbisi kuchli boʻlgan AQSh va Yevropada hattoki yahudiy millatiga mansub fuqarolar ham oʻt ochishni toʻxtatishni talab qilib chiqmoqda. 

Yahudiy lobbisining taʼsiri kuchli boʻlgan Yevropa davlatlari hukumatlari ham Yaqin sharqda tinchlik oʻrnatilishi uchun Falastin davlatini tuzishga qarshi emasliklarini izhor qilmoqda. 

Buning ustiga, haddidan oshgan Isroil nafaqat boshqa davlatlar, balki xalqaro tuzilmalarni ham nazar-pisand qilmayapti, ularning qarorlarini bajarmayapti, hatto Xalqaro sudga bosim oʻtkazmoqda, prokurorlarni jismonan yoʻq qilish bilan tahdid solmoqda. Yaʼni Isroil butun podani buzayotgan tirraqi buzoqqa aylanib qolmoqda. Bunday sharoitda Isroilga yon bosish va unga hamdard boʻlish – milliy gʻurur va ambitsiyalarga toʻgʻri kelmasligi kundek ravshan.

HAMAS rezervi – butun Falastin xalqi

Qaysidir qarindoshi yahudiy askari tomonidan oʻldirilgan, qiynoqqa solingan, qamoqqa tashlangan falastinlik bola qalbidagi qasos tuygʻusini tasavvur qiling. Albatta, sionizm va yahudiylarga nafrat va qasos tuygʻusi bilan yashaydi. Bu tuygʻu uni oʻlgunicha tark etmaydi. Topsa qurol, topmasa tosh bilan boʻlsa-da, vahshiy hayvondan battar mustamlakachilarga qarshilik koʻrsatishga urinadi. Demakki, HAMASni askariy zaxira bilan oziqlantiruvchi tomiri butun falastin xalqi hisoblanadi. Qachonki bu xalq butunlay qirib yuborilsa yoki majburan xorijga surgun qilinsagina, HAMAS magʻlub boʻlishi mumkin. 

Albatta, Isroil ham buni yaxshi tushunadi va shunga oʻxshash rejalarini yuqori minbarlardan turib rasman va ochiq maʼlum qilishdan choʻchimayapti. Hatto falastinliklarni kvota asosida Shimoliy Amerika va Yevropa davlatlariga tarqatib yuborish yoxud Iordaniyaga koʻchirib yuborib, shu yerda Falastin davlatini tuzib berish kabi fantastik ssenariylar ishlab chiqilgan. Isroil hukumatining Gʻazo sektorini butunlay egallab olish rejalari ham yashirilmayapti. Mahalliy va kelgindi yahudiylar hozirdanoq “oʻlmagan ayiqning terisini” boʻlib olishmoqda: Gʻazo sektoridagi yerlarni kim oshdi savdosida sotishyapti. Chunki neft konlari mavjud ushbu hudud Isroil iqtisodiyotini gullab-yashnatishi aniq. Soʻlim dengiz sohillari esa kurortlar yaratish, turizmni rivojlantirish va umuman rohatda yashash uchun qulay koʻchmas mulk, deya baholanyapti. Bu yerda falastinliklar borligi inobatga olinmayapti. Ular bilan hisoblashish shart emas, ularning ham, jahon xalqlarining ham qoʻllaridan hech narsa kelmaydi baribir, degan ishonch hukmron. Falastinliklarni goʻyoki suvarak va kalamush kabi haydab yoki qirib tashlab, yerlarini olib qoʻyish kerak, degan rejalarni aytishdan istihola qilishmayapti.

HAMAS xalqaro maydonda yolgʻiz emas

Eron, Suriya, Yaman husiylari, “Hizbulloh” va hatto Rossiya va Livan ham HAMASga yashirin yoki oshkora harbiy-moliyaviy yordam berayotgan yoki yordam berishga tayyor tuzilmalarning ayrimlari xolos. Garchi AQSh Isroilni tish-tirnogʻigacha qurollantirib, milliardlab dollar ajratayotgan boʻlsa-da, HAMASga qarshi urush kutilgan samara bermayapti. Toʻgʻri, Isroil armiyasi deyarli butun Gʻazo aholisini Rafahga siqib chiqarib, (asosan Misr bilan) chegaradagi nazorat-oʻtish punktlarini ihotalab, hududni butun dunyodan uzib qoʻydi. Biroq jahon hamjamiyati bu qonunsizliklarga ortiq jim qarab tura olmaydi. Hatto AQShda ham oddiy amerikaliklar oʻz soliqlari hisobidan Isroil xunrezliklari moliyalashtirilishini istamayapti. 

Kuni kecha AQSh prezident saylovlari oldidan nomzodlar Jo Bayden va Donald Tramp oʻrtasida oʻtkazilgan munozaralarda ham respublikachilar vakili Eronni HAMASni qoʻllab-quvvatlashda aybladi. Eron qudrati pasaytirilsa, HAMAS kuchsizlanadi, dedi.

Livanga chalgʻib ketish ehtimoli

Isroil bosh vaziri Gʻazo sektoridagi sharmandaligini yashirish yoʻlini topgan koʻrinadi. U bir necha siyosiy firibgarlik sxemalaridan soʻng Livanga urush ochish loyihasini amalga oshirishga kirishdi. Endi Netanyahu “Hizbulloh”ni yoʻq qilish kabi mahobatli rejasi bilan oʻz lavozimida qolish uchun bahona qidirmoqda. 

Isroilning Haaretz nashri xabar berishicha, Isroil Gʻazo sektoridagi harbiy amaliyotlarini toʻxtatib, Livan bilan ehtimoliy urushga diqqat qaratishga tayyorligini maʼlum qilgan.

Qayd etish kerak, “Hizbulloh” panoh topgan Livan bilan urush ehtimoli esa soʻnggi kunlarda ancha oshgan. Jumladan, koʻpchilik davlatlarning hukumatlari oʻz fuqarolarini Livanga sayohat qilishdan tiyilishga chaqirgan. Jumladan, AQSh davlat departamenti Livandagi amerikaliklarni ehtiyotkorlik choralarini koʻrishga undagan. Shuningdek, AQSh Isroil va Hizbulloh urushi boshlanadigan boʻlsa, oʻz fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun Isroil va Livan yaqiniga qoʻshinlarini yaqinroq keltirishini bildirdi. AQSh rasmiylari hatto Isroil Huzbullohga qarshi urush boshlasa, yahudiy davlatini qoʻllab-quvvatlashi haqida bayonot bergan.

Demakki, Isroil Livanga hujum qilish rejasini amalga oshirsa, ikki frontda urush olib borishga qodir emasligi bois, oʻz-oʻzidan HAMASga qarshi faol jangovar harakatlarini toʻxtatishi mumkin.

Aniq staretegiya yoʻq

Isroil hukumatining maqsadi aniq – oʻz xavfsizligini taʼminlash va unga tahdid boʻlmish HAMASni yoʻq qilish bahonasida butun Falastin yerlarini egallab olish, bu yega yahudiylarni koʻchirib kelishdan iborat. Biroq bu maqsadga eltuvchi yoʻl noaniq. Qolaversa, yuqorida aytilganidek, Isroil elitasi ichida ham bu masalada boʻlinishlar yuz bermoqda. Bosh vazir aravani bir tarafga, armiya boshqa tarafga tortmoqda. Sabr kosasi toʻlgan oddiy isroilliklar mutlaqo boshqa tarafga tortishni istayapti. Aniq rejaning yoʻqligi natijani ham noaniq qiladi. 

Qolaversa, urushdan chiqish, uni qanday yakunlash startegiyasi ham yoʻq. Isroil hukumati buni tan olgan. Bosh vazir Netanyahu boshi berk koʻchaga kirib qolgan. Zero, urushni boshlaganlar asosan "tez gʻalabaga" ishonch bilan urushga kiradi, biroq urushdan qanday chiqish haqida oʻylamaydi, odatda. 

Hozir mintaqadagi “oʻyinchilarning” hech qaysisi urushni qanday toʻxtatishni bilmaydi. Takliflar va rejalar koʻp, ammo hech birining muvaffaqiyat qozonishiga ishonch hamda kafolat yoʻq. 

Yil boshida AQSh va Yevropa ittifoqi Gʻazoda oʻt ochish toʻxtatilgach, hududga BMT tinchlikchparvar kuchlarini joylashtirish rejasini taklif etgan edi. Lekin AQSh va Yevropaning deyarli yarim asrlik“erkalatish”laridan taltayib ketgan, nimani talab etsa muhayyo qilishlariga oʻrganib qolgan Isroil injiq va erkatoy bola kabi BMT askarlarini ham mensimasligi aniq. 

Biroq yana bir narsa ham aniq: bu tarbiyasiz injiq bolakayning tantiqligini endi hech kim koʻtarishni istamayapti. “Bolakay” endi chaqaloq emas, balki 47 ga kirgan, falastinliklar qoniga boʻyalgan pichogʻini oʻqtalib turgan barzangi qotil ekanini hamma bilib boʻldi. 

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+