Turkiy davlatlar logistikani rivojlantirmoqchi
Alyans ushbu yoʻnalishda logistika va yuk tashish, muhandislik ishlari hamda konsalting xizmatlari bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni birlashtiradi.

28 iyun kuni Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) huzuridagi Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi taʼsis etilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir va alyans ishtirokchilarining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Qayd etilishicha, ushbu tadbir logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda TDTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam boʻladi.
"Turkiy davlatlar tashkiloti huzuridagi Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi TDTga aʼzo mamlakatlarda yuk tashish va logistika markazlarini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilmoqda. Alyans ushbu yoʻnalishda logistika va yuk tashish, muhandislik ishlari hamda konsalting xizmatlari bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni birlashtiradi.
Turkiy mamlakatlardagi yirik logistika markazlari, yuk tashuvchilar, terminallar, dengiz va quruqlik portlari oʻrtasida samarali hamkorlikni kengaytirish, innovasion yechimlarni joriy etish orqali butun mintaqaning transport-logistika salohiyatini oshirish alyansning asosiy maqsadlari qatoriga kiradi", – deydi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari Mirvohid Azimov.
Tadbirda TDT huzuridagi "Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi" xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotini tashkil etish hamda taʼsis hujjatlarini imzolash marosimi ham boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, tadbir alyans bosh kotibi hamda kotibiyat aʼzolarini tayinlash bilan davom etdi. Alyans bosh kotibi lavozimiga Oʻzbekiston xususiy sektori vakili Asqar Qodirov saylandi.
Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti vakillari, Alyans bosh kotibi va yigʻilish ishtirokchilarining yakuniy nutqi bilan yakunlandi.
Eslatib oʻtamiz, TDTga aʼzo dalvatlar – Turkiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston boʻlib, Vengriya hamda Turkmaniston kuzatuvchi maqomiga ega.