Prezident yoshlar bilan muloqot oʻtkazdi: asosiy maʼlumotlar
Endilikda OTMlarning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uygʻunlashadi, malakali va staji bor yoshlar oʻqishga imtihonsiz qabul qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosatiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi hamda yoshlar bilan muloqoti boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbari mamlakatimizda soʻnggi yetti yil yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni isteʼdod va salohiyatini roʻyobga chiqarishda “katta sakrash davri” boʻlganini taʼkidladi.
Shu yetti yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz berildi.
Birgina taʼlim kreditidan 151 ming yoshlar foydalandi. Ehtiyojmand oiladan boʻlgan yana 110 ming talabaning kontraktini toʻlashga 332 milliard soʻm ajratildi.
Natijada oliy taʼlimda qamrov 9 foizdan 42 foizga, oliygohlar soni esa 77 tadan 212 taga yetdi.
Bugungi kunda 110 ming oʻgʻil-qizlarimiz xorijda tahsil olmoqda.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yetti yilda AQShning “Pechak ligasi”ga kiruvchi Garvard, Yel, Kolumbiya, Stenford kabi top-8 ta, Buyuk Britaniyanining “Rassell guruhi”dagi Oksford, Kembridj, Birmingem kabi 24 ta oliygohni 50 nafar yoshlarimiz bitirdi.
Bu nufuzli oliygohlarda oʻqiyotgan yoshlarimiz soni esa 200 dan oshdi.
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish doirasida oʻtgan toʻrt yilda:
- “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 13,5 trillion soʻm kredit ajratilib, 1 million yosh band boʻldi;
- “Yoshlar daftari”dan 107 ming oʻgʻil-qizlarimizga 338 milliard soʻm subsidiya berildi;
- 205 ta “Yoshlar sanoat zonasi”da 2,5 trillion soʻmlik 1,2 ming loyiha ishga tushdi.
Yangi oʻquv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi.
Bu dasturlar asosida sertifikat olgan oʻquvchilar oʻsha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.
Yoshlarimiz xorijiy oliygohlarda oʻqish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash boʻyicha “SAT” imtihonini topshirmoqda. Bu testlarda 75 foizdan yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilar chet elni eng nufuzli oliygohlariga grant yutayapti.
Prezident maktablari agentligi qoshida “Olimpiadalarga tayyorlash markazi” ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik koʻradi.
Endilikda oliygohlarning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uygʻunlashadi.
Texnikumning birinchi va ikkinchi yilini yaxshi oʻqigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom beriladi.
Ularga oliygohni ikkinchi yoki uchinchi kursidan oʻqishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi.
Kasbi boʻyicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan oliygohlarga kontrakt asosida qabul qilinadi.
Endi oliygoh, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi.
Qaysi laboratoriyada qanday uskuna bor, ular qanday sinovlar qila oladi va qanday quvvatlarda ishlayapti, degan savolga javob boʻladi.
Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak boʻlgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar bojdan ozod qilinadi.
Bugungi kunda IT sohasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar – frilanserlar 50 mingdan oshdi.
Bunday yoshlarimiz yiliga ellik, yuz, hatto ikki yuz ming dollargacha eksport qilmoqda.
Lekin, bizda ularni boshini qovushtiradigan, muammolarini eshitib, huquqlarini himoya qiladigan tizim yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.
Qoʻshilgan qiymat yaratib, uni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berish zarurligi taʼkidlandi.