1 iyuldan parranda goʻshti eksportidagi barcha cheklovlar bekor qilinadi
Parranda goʻshtini Oʻzbekistonga olib kirishdagi bojxona imtiyozi ham toʻxtatiladi.

Parranda goʻshtini eksport qilishda mavjud barcha cheklovlar bekor qilinmoqda.
“Parrandachilik sohasini yanada qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-238-son, 27.06.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, kooperatsiya tizimiga asoslangan “Agroparranda klasteri” loyihasi amalga oshiriladi.
2030 yil 1 yanvargacha parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subʼektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini (ekin maydonlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etiladi.
2024 yil 1 iyuldan parranda goʻshtini (TIF TN kodi 0207) eksport qilishda mavjud barcha cheklovlar bekor qilinadi.
2024 yil 1 oktabrdan yangi soʻyilgan, sovutilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi goʻshti va qoʻshimcha ozuqabop mahsulotlari (butun goʻsht, qanot, bel, boʻyin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) Oʻzbekiston hududiga olib kirishda belgilangan bojxona boji boʻyicha berilgan imtiyoz bekor qilinadi.