Samarqand davlat chet tillar institutining bir guruh oʻqituvchilari jazolandi

Ular soxta sertifikatlar tayyorlash orqali ustama pullarini oʻzlashtirgan. 

Jamiyat
27-iyun, 20:00
Samarqand davlat chet tillar institutining bir guruh oʻqituvchilari jazolandi

Samarqandda soxta sertifikatlar orqali ustama olib kelgan bir guruh oʻqituvchilar va ularga yordam bergan mutasaddilarga hukm oʻqildi. Sud hukmi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud. 

Mazkur ish  Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisida koʻrib chiqilgan. Unda jami yetti sudlanuvchining ishi koʻrildi. 

Sudlanuvchi D.N. Samarqand davlat chet tillar instituti ingliz tili leksikologiyasi va stilistikasi kafedrasi ingliz tili fani assistent oʻqituvchisi vazifasida ishlagan. U  S1 darajadagi sertifikatni qoʻlga kiritish uchun bilim darajasi yetmasligini bilib, Davlat test markazi huzuridagi Ilmiy-oʻquv amaliy markazi test sinovlarini tashkil etish boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan sudlanuvchi A.M. bilan jinoiy til biriktirgan.  U soxta maʼlumotlar asosida 2021 yil noyabr oyidan 2023 yil iyun oyiga qadar jami 44.586.159 soʻm ustama pulini qoʻlga kiritib, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Sudlanuvchi Z.M. Samarqand davlat chet tillar instituti ingliz tili nazariy aspektlari kafedrasi ingliz tili fani stajyor oʻqituvchisi vazifasida ishlab kelgan.  U S1 darajadagi sertifikatni kompyuter texnikasidan foydalangan holda qayta soxtalashtirib tayyorlab,2021 yil dekabr oyidan 2023 yil dekabr oyiga qadar boʻlgan vaqt davomida jami 38.518.549 soʻm ustama pulini qoʻlga kiritgan. 

Sudlanuvchi S.R. Samarqand davlat chet tillar instituti til va tarjima kafedrasi ingliz tili fani assistent oʻqituvchisi vazifasida ishlab kelgan. U ham soxta sertifikat 2022 yil oktabr oyidan 2023 yil iyun oyiga qadar boʻlgan vaqt davomida jami 21.350.271 soʻm ustama pulini qoʻlga kiritib, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Sudlanuvchi N.Yu. Samarqand davlat chet tillar instituti ingliz tili integrallashgan kursi kafedrasi ingliz tili fani assistent oʻqituvchisi vazifasida ishlab kelib, ikkita sertifikatni soxtalashtirgan, 2022 yil sentabr oyidan 2023 yil fevral oyiga qadar jami 14.347.170 soʻm ustama pulini qoʻlga kiritib, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon- toroj qilgan.

Sudlanuvchi K.M. Samarqand davlat chet tillar instituti hisobchisi vazifasida ishlagan. U ayrim xodimlarning kompensatsiya pullarini ortiqcha va asossiz hisoblab, toʻlab berish orqali jami 34.070.616 soʻm byudjet mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan. Shuningdek, u homiladorlik va nafaqa puli, ragʻbat pullarini asossiz yozish evaziga jami 24.615.600 soʻm byudjet mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Sudlanuvchi F.Z. Samarqand davlat chet tillar instituti kadrlar boʻlimi boshligʻi vazifasida  ishlab kelgan. U xodimlar taʼtil kunlarini oʻzgartirish, nafaqa va ragʻbatlantirishlar yozish evaziga jami 38.660.500 soʻm miqdorida byudjet mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Yakuniy hukmga koʻra, D.N. uzil-kesil 1 (bir) yil muddatga muayyan huquqdan, yaʼni Samarqand davlat chet tillar institutida mansabdorlik lavozimlarida va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 30 (oʻttiz) baravari miqdorida, 10.200.000 (oʻn million ikki yuz ming) soʻm jarima jazosi tayinlandi va davlat foydasiga undirilishi belgilandi. 

Sudlanuvchi A.M. Davlat test markazi  huzuridagi  ilmiy-amaliy oʻquv markazida mansabdorlik lavozimlarida va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, JKning 57-moddasini qoʻllab, bazaviy hisoblash miqdorining 25  baravari miqdorida, 6.750.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.

M.Z.ga esa bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida, 10.200.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi R.S.ga huddi shu miqdorda jarima jazosi tayinlangan. Yu.N.ga esa Samarqand davlat chet tillar institutida mansabdorlik lavozimlarida va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida, 9.000.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.  Ikki sudlanuvchi M.K va Z.F.lar esa JKning 70-moddasiga asosan jazodan ozod qilinishi belgilangan. 

Shuningdek, ish doirasida 627.468.700 soʻm pul Samarqand davlat chet tillar institutining hisob raqamiga oʻtkazilishi belgilangan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+